Mamlakatimizda davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish, uni keltirib chiqarayotgan sabab va shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish borasida tizimli choralar ko‘rilmoqda.
Xususan, bir qator vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida ISO 37001:2016 xalqaro standartiga asosan korrupsiyaga qarshi menejment tizimi joriy etilib, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki idoraviy hujjatlar qabul qilindi.
Shu bilan birga, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholash mexanizmlari mavjud emasligi sohada amalga oshirilayotgan tadbirlarga yagona mezon asosida xolisona baho berish va ularning natijadorligini yanada oshirishga to‘sqinlik qilmoqda.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining“Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022 yil 12 yanvardagi PQ-81-son qarori qabul qilindi.
Qarorga asosan davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatiga oid samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash va ularni ilg‘or xalqaro standartlar asosida baholash tizimini joriy etish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Bosh prokuratura va Adliya vazirligining davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarning samaradorligini tahlil qilish, baholash va kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash quyidagi beshta yo‘nalish bo‘yicha belgilangan indikatorlar asosida amalga oshiriladi:
davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mexanizm va huquqiy asoslarning yaratilganligi hamda amaliyotga tatbiq etilganligi;
korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va ularni kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilganligi;
davlat tashkilotlari rahbarlarining korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni ko‘rsatuvchi xatti-harakatlarining mavjudligi;
xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashishga oid ichki tartib-taomillardan xabardorligi hamda ushbu sohada bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilganligi;
korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tegishli soha yoki tarmoq kesimida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarining samaradorligi.
Yangi tartibga ko‘ra 2022 yil 1 fevraldan boshlab reyting baholash tizimi, eksperiment tariqasida, 1-ilovada ko‘rsatilgan va o‘z faoliyatida korrupsiyaga qarshi menejment tizimini joriy etayotgan davlat tashkilotlari faoliyatiga;
2022 yil 1 iyuldan boshlab eksperiment natijalarini inobatga olgan holda reyting baholash tizimi barcha davlat tashkilotlari faoliyatiga joriy etiladi.
Belgilanishicha:
reyting baholash Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) tomonidan «E-Anticor.uz» elektron platformasi (keyingi o‘rinlarda — elektron platforma) orqali tashkil etiladi;
korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholanib, faoliyat samaradorligi «yaxshi», «qoniqarli» va «qoniqarsiz» toifalarga ajratiladi;
reyting baholash natijalari elektron platformada hisoblab chiqiladi va har yili 1 martga qadar keng jamoatchilik uchun ommaviy axborot vositalarida e’lon qilib boriladi;
har yili oldingi yilning 1 yanvaridan baholanish o‘tkazilayotgan yilning 1 yanvariga qadar bo‘lgan davr reyting baholash tizimi bilan qamrab olinadi;
reyting baholash natijalarining xolisligini tekshirish maqsadida kamida 30 foizi fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat bo‘lgan Reyting baholashni mustaqil amalga oshiruvchi ekspertlar guruhi shakllantiriladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan birgalikda reyting baholash yakunlariga ko‘ra quyidagi choralarni ko‘radi:
«yaxshi» deb baholangan davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ijobiy tajribasini ommalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilash va amalga oshirish;
«qoniqarli» deb baholangan davlat tashkilotlariga ularning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar kiritish va ularni amalga oshirishda ko‘maklashish;
«qoniqarsiz» deb baholangan davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ularning ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilishini ta’minlab, uning ijrosi yuzasidan tegishli rahbarlarning hisobotlarini har chorakda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning yig‘ilishlarida eshitish.
Mazkur chora-tadbirlar korrupsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy va moliyaviy mexanizmlarini takomillashtirish, bu jarayonga jamoatchilikni jalb qilish hamda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha idoralararo hamkorlik samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Xorazm viloyat ma’muriy sudining
sudyasi T.Ibragimov
Bog'lanish ma'lumotlari
O'zbekiston Respublikasi, Xorazm viloyati
Urganch tumani, Fayozov ko'chasi, 1-uy
+998 (62) 229-28-35
xoryuridiktexnikum@umail.uz
Dushanba – Juma / 9:00 – 18:00