Ma’muriy sudlar tomonidan soliq organlari mansabdor shaxslarining qarorlarini haqiqiy emas, harakat (harakatsizligi)ini qonunga xilof deb topishga oid ishlarni ko‘rishning o‘ziga xos xususiyatlari

Ma’muriy sudlar tomonidan soliq organlari mansabdor shaxslarining qarorlarini haqiqiy emas, harakat (harakatsizligi)ini qonunga xilof deb topishga oid ishlarni ko‘rishning o‘ziga xos xususiyatlari
 
Mamlakatimizda turli sohalarda olib borilayotgan islohotlar xususiy sektor, tadbirkorlik sohasini rivojlantirish bilan birga, aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshib borishiga olib kelmoqda. Buni ma’muriy sudlarda soliq organlarining qarorlari yoki soliq organlari mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari ustidan berilayotgan ariza (shikoyat)larning ortib borayotganligidan ham ko‘rishimiz mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksining (bundan buyon matnda MSIYutK deb yuritiladi) 4-moddasiga ko‘ra, har qanday manfaatdor
 shaxs o‘zining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun ma’muriy sudga murojaat qilishga haqli.
Shunday bo‘lsa-da, soliq organlarining qarorlarini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida sudga murojaat qilishning o‘ziga xos xususiyatlari mavjud.
Chunonchi, MSIYutKning 184-modda 2-qismiga muvofiq, ma’muriy organlarning va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish to‘g‘risidagi ishlar, agar ularni ko‘rib chiqish qonun bilan boshqa davlat organlarining vakolatiga kiritilmagan bo‘lsa, sudda ko‘rib chiqiladi.
Shu o‘rinda, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi
231-moddasining to‘rtinchi qismiga ko‘ra, soliq organining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarorlari ustidan sud tartibida shikoyat qilish faqat yuqori turuvchi soliq organiga shikoyat qilinganidan keyingina mumkin bo‘ladi.
 Bu qoida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining qarori ustidan shikoyat qilishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
“Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston  Respublikasi qonunining 4-moddasiga ko‘ra, ma’muriy harakatlar deganda — ma’muriy organning jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan ma’muriy-huquqiy faoliyat sohasida amalga oshirilgan, ma’muriy yoki protsessual hujjat bo‘lmagan, yuridik ahamiyatga ega harakatlari (harakatsizligi) tushuniladi.
Protsessual hujjat deganda — ma’muriy organ tomonidan ma’muriy ish yuritish davomida qabul qilinadigan, ma’muriy ishni mazmunan hal etmaydigan hujjat tushuniladi.
Mazkur qonun talablaridan ko‘rinadiki, soliq organining harakati (harakatsizligi) hech qanday protsessual yoki ma’muriy hujjat sifatida ifodalanmasligi kerak bo‘ladi. Ya’ni, soliq organi tomonidan kameral yoki boshqa soliq tekshiruvi jarayonida tuziladigan dalolatnoma, bayonnoma va shunga o‘xshash hujjatlar soliq organi mansabdor shaxsining harakati (harakatsizligi) sifatida ko‘rilishi mumkin bo‘lmaydi.
Shuning uchun, soliq organi mansabdor shaxsi tomonidan tuzilgan dalolatnoma yoki bayonnomani haqiqiy emas deb topish yoki bunday hujjatlarni tuzishda ifodalangan harakatlarni g‘ayriqonuniy deb topish haqidagi talablar sudga taalluqli bo‘lmaydi. Bundan, huquqiy oqibat keltirib chiqaruvchi dalolatnoma yoki boshqa turda rasmiylashtirilgan hujjatlar mustasno.
O‘z navbatida, soliq organi mansabdor shaxsining kameral yoki boshqa soliq tekshiruvi natijasida qabul qilingan qarorni qabul qilishda ifodalangan harakatini g‘ayriqonuniy deb topish haqida talab ham sudga taalluqli bo‘lmaydi. Chunki, ushbu holatda mansabdor shaxsning harakati ma’muriy hujjat hisoblangan – qarorda ifodalangan bo‘ladi. Bunday hollarda qaror chiqarishda ifolangan harakat ustidan emas, balki qarorni haqiqiy emas deb topish haqidagi ariza bilan murojaat qilish lozim bo‘ladi.
Amaliyotda soliq organlari tomonidan kameral soliq tekshiruvi o‘tkazilgan bo‘lsa-da, tekshiruv natijasi bo‘yicha hech qanday qaror qabul qilinmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri soliq to‘lovchiga nisbatan qarz summalari hisoblanib, soliq to‘lovchining hisobotlariga tuzatish kiritilmoqda. Buning natijasida, soliq to‘lovchilarning hisoboti va soliq bazasida ular muayyan miqdorlarda qarzdor ekanligi o‘z aksini topmoqda. O‘z navbatida, soliq to‘lovchilar tomonidan soliq organi mansabdor shaxslarining bunday harakatlarini qonunga xilof deb topish haqidagi shikoyatlar bilan ma’muriy sudlarga murojaat qilinmoqda. 
Bunday toifadagi nizolarni ko‘rishda, soliq organining harakati qanday yuridik ahamiyatlar yoki oqibatlar keltirib chiqarayotganligiga e’tibor qaratish lozim bo‘ladi. Chunki, mansabdor shaxsning yuqorida qayd etilgan harakati oqibatida soliq bazasida soliq to‘lovchining qarzdor bo‘lib qolishi, kelgusida soliq to‘lovchi tomonidan o‘ziga tegishli bo‘lgan har qanday mulkni tasarruf etishiga to‘sqinlik qiladi. Ya’ni, qarzdorlik mavjudligi tufayli notarius oldi-sotdi shartnomasi yoki boshqa xil turdagi notarial harakatni amalga oshirishni rad etadi.
Shuning uchun, soliq organi mansabdor shaxsning bunday harakatlari yuridik ahamiyatlar yoki oqibatlar keltirib chiqaridan bo‘lsa, ular ma’muriy sudlar tomonidan mazmunan ko‘rib chiqilishi va qonuniy qaror qabul qilinishi lozim bo‘ladi.
“Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni
10-moddasi birinchi qismining 1-bandida tadbirkorlik sub’ektlari — tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzayotgan davlat boshqaruvi organlarining, ma’muriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan boshqa organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga murojaat qilganda ma’muriy sudlarda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinganligi ko‘rsatilgan.
O‘z navbatida, ushbu 3-bandga berilgan izohda, “Kichik tadbirkorlik sub’ektlari amalga oshiradigan tadbirkorlik faoliyati doirasida sudlarga murojaat qilish chog‘ida ushbu bandning “a”-“g” va “ye” kichik bandlarida ko‘rsatilgan belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida davlat boji to‘laydi” deb ko‘rsatilgan.
Ushbu qonun talabida tadbirkorlik sub’ekti har qanday talab bilan sudga murojaat qilganda emas, balki tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzgan holda to‘sqinlik yaratayotgan qarorlar va harakatlar ustidan sudga murojaat qilishda davlat bojidan ozod etilganligi nazarda tutilgan.
Shu sababli tadbirkorlik  sub’ekti tomonidan haqiqiy emas deb topish so‘ralayotgan qaror yoki harakat (harakatsizlik) bevosita tadbirkorlik sub’ektining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki qilmasligiga e’tibor qaratgan holda ariza taqdim qilishda davlat boji undirish masalasini hal qilish lozim bo‘ladi.
Soliq munosabatlarida yuzaga kelayotgan nizolarni to‘g‘ri, xolisona, qonuniy va adolatli hal qilishda ma’muriy sudlar tomonidan qonun normalariga, xususan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi, sohaga oid O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarori va boshqa sohaga taalluqli qonun hujjatlariga asoslangan holda qarorlar qabul qilinib, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquq va manfaatlari tiklanmoqda.
 
 

Xorazm viloyati Yuridik Texnikumi

Bog'lanish ma'lumotlari

O'zbekiston Respublikasi, Xorazm viloyati
Urganch tumani, Fayozov ko'chasi, 1-uy

+998 (62) 229-28-35
xoryuridiktexnikum@umail.uz

Dushanba – Juma / 9:00 – 18:00

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Talabalar uchun resurslar

Ommabop xabarlar

Sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar odil sudlovga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi
Korrupsiyaning jamiyat va davlat uchun ijtimoiy xavfli xususiyatlari va oqibatlari
Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilish - ma’muriy sudlarning birinchi navbatdagi vazifasi
Korrupsiyaning jamiyat va davlat uchun ijtimoiy xavfli xususiyatlari va oqibatlari