Munosabat
Hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqda bo‘layotgan voqealarga Xorazm yuridik texnikumining raddiyasi
Joriy yilning 5-fevral kuni ijtimoiy tarmoqdagi @Hurriyat84_uz sahifasida o‘zini bloger jurnalist sifatida tanishtirgan shaxs Xorazm yuridik texnikumi (keyingi o‘rinlarda texnikum) tadbirkor bilan sudlashgani va shu ish doirasidagi bir qancha chiqishlar qilib, go‘yoki jurnalistik surishtiruv qilgan.
Ushbu chiqishlarda “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasidagi “oʻz kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chogʻida jurnalist oʻzi tayyorlayotgan materiallarining toʻgʻri yoki notoʻgʻri ekanligini tekshirishi va xolis axborot taqdim etishi shart”ligi ko‘rsatilgan talablarga rioya qilinmagan.
Bu chiqishlar jurnalistik surishtiruvga emas, ko‘proq moddiy manfaatdorlik evaziga “maxsus buyurtma”ga o‘xshab ketmoqda.
Sababi, chiqishlarda amaldagi qonunchilik yoki qasddan, yoki bilmaslikdan buzib talqin qilinib, kuzatuvchilarda mavjud vaziyat haqida chalg‘itish va noto‘g‘ri tushuncha xosil qilinmoqda.
Shu munosabat bilan Xorazm yuridik texnikumi quyidagilarni maʼlum qiladi.
1. Xorazm yuridik texnikumi hech kim bilan sudlashmagan:
- sudga da’vo ariza Davlat mulk ob’ektlaridan samarali foydalanish markazi Xorazm viloyati boshqarmasi (keyingi o‘rinlarda Markaz) tomonidan asosli tarzda kiritilgan.
Izoh: sud qaroriga ko‘ra ishda da’vogar Markaz va javobgar “Ijtimoiy rivojlanish universiteti” MChJ (keyingi o‘rinda jamiyat) hisoblanadi.
- ariza kiritilgan vaqtda jamiyat tomonidan bir oylik ham ijara puli to‘lanmagan.
- qonunchilik bo‘yicha ijaraga beruvchi markaz hisoblanadi. Bunga texnikum xodimlari va direktorining (oldingisini ham hozirgisini ham) umuman aloqasi yo‘q.
2. Texnikum MIB vazifasini bajarmaydi:
Urganch tumanlararo istisodiy sudining 30.09.2024 yildagi hal qiluv qarori va 23.01.2025 yildagi Xorazm viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasining qarori bilan Markazning 3 ta talabini qanoatlantirgan.
- Ijara shartnomasini bekor qilish;
(2024-yil 14-iyunda tuzilgan 969944/123-24-son, 2024-yil 21-iyunda 330424180248-son kelishuv (shartnomasi)
- jamiyatdan Markaz hisobiga to‘lanmagan 37,8 mln. so‘m ijara to‘lovi va 5,9 mln. so‘m peniya undirish;
- tadbirkorni texnikum binosidan majburiy chiqarish;
Tadbirkorga tegishli texnika va jihozlar ijaraga berilgan xonalarda hozirda ham turibdi.
Majburiy chiqarish MIB xodimlari tomonidan ijro etiladi. Sud qarorining ushbu qismi hali ijro qilinmagan. Videoda ham barcha jihozlar joyida turganligini ko‘rish mumkin.
2025-yilning 5-fevral kuni texnikumga aloqasi bo‘lmagan shaxslar binoga kiritilmagan.
Vaholanki, yuqoridagi sud qarorlari bilan Markaz va jamiyat o‘rtasida tuzilgan ijara shartnomasi bekor qilingan bo‘lib, qaror qabul qilingan kundan kuchga kirgan.
Qarorning shartnomani bekor qilish qismini MIB ijro qilmaydi.
Qonunchilikka ko‘ra, jamiyat binoga majburiy kiritish haqida sudga murojaat qilish huquqiga ega.
3. Texnikum tadbirkor huquqlarini buzmagan:
Chiqishlarning birida “Kim sizlarga huquq berdi, tadbirkorning haq huquqini poymol qilishga, kimsizlar, sizlar Prezidentimiz ustindan sakrab o‘tjak bo‘lasizlar” degan so‘zlar yangraydi.
Tadbirkor 2025-yilning 5-fevral kuniga qadar texnikum binosidan to‘sqinliksiz foydalangan.
“Siyosiy tus” va “badiiy bezak” berilgan bu gaplar texnikum sha’niga quruq mag‘zava ag‘darishdan boshqa narsa emas. Jamiyatning binodan foydalanib kelgani kuzatuv kameralarida ham qayd qilingan.
4. Yuridik texnikum binosi - Davlat binosi.
Videoda yuridik texnikum binosi davlat binosi ekanligiga to‘g‘ri urg‘u berilgan.
Biroq, bu tadbirkor binosi emas, davlat mulkidan foydalanish qonunchilik bilan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-dekabrdagi 660-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat mulkini ijaraga berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom bilan tartibga solinadi.
Bu yerda texnikum binoni kimgadir hattoki u tadbirkor bo‘lsada, foydalanishga berish uchun vakolatli organ emas. Texnikum faqat balansda saqlovchi hisoblanadi. Davlat mulkidan foydalanish masalasida Markazga murojaat qilish asosli bo‘lar edi.
Tadbirkor shaxsiy daromad olishi uchun davlat mulkidan tekin, shartnomasiz (shartnomasi bekor bo‘lgan) foydalanishi va foydalangan kommunal to‘lovlarni byudjet (xalqning) hisobidan qoplanishi qaysi qonun va mantiqqa to‘g‘ri keladi?
Yuridik texnikum tadbirkorlik faoliyatini doim qo‘llab quvvatlaydi, ularga yordam berish istagi mavjud, lekin bu istak qonunni buzish uchun asos bo‘la olmaydi.
Yuridik texnikum Konstitsiya va qonunlar ustuvorligiga sodiq qoladi, qonunlarga itoatkorlikni kimning huquqlarini buzish sifatida talqin qilinishi, qonunchilik talabini buzishni targ‘ib qilinishi jurnalistika etikasiga to‘g‘ri kelmasligini eslatib, yuzaga kelgan nizoli vaziyatlar Huquqiy demokratik davlatlarda bo‘lgani kabi sud orqali hal qilinishi lozim deb hisoblaydi.
Bog'lanish ma'lumotlari
O'zbekiston Respublikasi, Xorazm viloyati
Urganch tumani, Fayozov ko'chasi, 1-uy
+998 (62) 229-28-35
xoryuridiktexnikum@umail.uz
Dushanba – Juma / 9:00 – 18:00