TEZISLAR

TEZISLAR
Xalqimiz konstitutsiyaviy islohotlardan katta o‘zgarishlar kutmoqda. Loyiha bo‘yicha o‘tkazilgan umumxalq muhokamasi jarayonida aholidan 220 mingdan ziyod takliflar kelib tushganligi ham fuqarolarimiz ushbu masalaga juda katta qiziqish va e’tibor bilan yondashganligidan yaqqol dalolat beradi. 
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ustida ishlashda senatorlarimiz ham faol ishtirok etdilar. Xususan, 19 nafar senatorlarimiz Konstitutsiyaviy komissiya tarkibida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ustidagi ishlarda bevosita qatnashdilar. 
Xabaringiz bor, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasida, yetuk olimlar, jamoatchilik, xalqaro va xorijiy ekspertlar ishtirokidagi muhokamalarda har tomonlama tahlil qilindi va maromiga yetkazildi. 
Xususan, loyihani tayyorlashda va takomillashtirishda 400 dan ortiq xalqaro hujjatlar, 190 ga yaqin mamlakatlar konstitutsiyalari puxta o‘rganildi, xalqaro ekspert va mutaxassislar ishtirokida bir necha bor muhokama qilindi, shuningdek, respublikaning turli hududlarida keng jamoatchilik vakillari ishtirokida jami 20 mingga yaqin muhokamalar tashkil etildi. 
Loyiha 10 ga yaqin xorijiy va xalqaro ekspertizalardan, shu jumladan, lingvistik, yuridik, gender-huquqiy, korrupsiyaga qarshi, jamoatchilik hamda inson huquqlari bo‘yicha normalarga muvofiqligi yuzasidan ekspertizalardan o‘tkazildi. Xalqaro ekspertlar ham loyiha xalqaro huquqning umume’tirof etilgan barcha qoidalarini o‘zida mujassam etganligini e’tirof etdilar.
Joriy yil 10 - martida Qonunchilik palatasi majlisi o‘tkazilib, unda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha referendumni tayinlash va uni o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Qarorda uning Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash uchun uni Konstitutsiyaviy sudiga yuborish ham belgilangan edi.
Shunga muvofiq, Konstitutsiyaviy sud joriy yil 13 mart kuni o‘z majlisini o‘tkazib, yuqoridagi qarorni Konstitutsiyaga muvofiq deb topdi. “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonunning 13 va 14-moddalariga muvofiq, bugun Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Senatda ko‘rilmoqda.
Shu o‘rinda Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyati va eng asosiy, muhim jihatlariga qisqacha to‘xtalib o‘tsam.
Loyihada mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolatlar o‘z ifodasini topmoqda. O‘zbekiston “huquqiy davlat” degan konstitutsiyaviy tamoyil muhrlanmoqda.
Bu barchaning qonun oldida tengligini va qonundan xech kim ustun emasligini ta’minlash, sudlar tomonidan adolatli qarorlar qabul qilish, umuman olganda davlat organlarining xalqqa xizmat qilishi uchun mustahkam poydevor bo‘ladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz ilgari amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyilini “inson – jamiyat – davlat” deb o‘zgartirish, ya’ni eng avvalo inson manfaatini har narsadan ustun qo‘yishni maqsad qilgan.
Xususan, unda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash – davlatning oliy majburiyati etib belgilanmoqda va shu munosabat bilan inson huquqlari kafolatlari jiddiy ravishda kuchaytirilmoqda.
Loyihaga asosan insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir, hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emas. Insonnning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi hamda qonunlar, davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatining mazmun-mohiyatini belgilab beradi. 
Inson va davlat organlari o‘rtasidagi yuzaga kelgan noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi, huquqiy ta’sir choralari maqsadga erishish uchun yetarli va mutanosib bo‘lishi kerakligi belgilanmoqda. Bu normalar huquqni qo‘llash faoliyatida inson manfaatlari ustuvor bo‘lishini amalda ta’minlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, har bir inson o‘z shaxsini erkin kamol toptirish huquqiga egaligi, qonunchilikda belgilanmagan majburiyat hech kimning zimmasiga uning roziligisiz yuklatilishi, O‘zbekiston fuqarosi mamlakatdan tashqariga chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berilishi mumkin emasligi belgilanmoqda. 
Jinoyat protsessida inson huquqlari kafolati eng ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiq kuchaytirilmoqda. Xususan, shaxsni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi, (“Xabeas korpus” instituti) hamda shaxsni ushlab turish chog‘ida uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari unga tushunarli tilda tushuntirilishi kerakligi (“Miranda qoidalari”) belgilanmoqda. 
Ushbu huquqiy kafolatlar inson huquqlarini muhofazasini kuchaytirish sohasidagi ishlarni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadi hamda ularni davlat organlarining suiste’molliklaridan ishonchli himoya qiladi, shaxsiy erkinlik daxlsizligini va insonlarni noqonuniy hibsga olishga yo‘l qo‘ymaslikni kafolatlaydi.
Shu bilan birga, Konstitutsiya loyihasida har kim O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki imkoniyatlardan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqli ekanligi belgilab berilmoqda. 
Mazkur Konstitutsiya haqiqatdan ham Xalq Konstitutsiyasi bo‘layapti. Unda aholining barcha qatlamlari, shu jumladan ayollar, nuroniylar, bolalar, yoshlar, nogironligi bo‘lgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar, xorijdagi vatandoshlarimiz, hattoki mahkumlar– barcha barchasini huquq va manfaatlari hisobga olinmoqda.
Ta’lim-tarbiya tizimi va imkoniyatlari sezilarli darajada kengaytirilmoqda – ilk marotaba ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim va tarbiya tashkil etilishi, oliy ta’lim tashkilotlariga akademik erkinlik berilishi, tanlov asosida davlat hisobidan bepul oliy ma’lumot olish imkoniyati berilishi, nodavlat ta’lim tashkilotlari qo‘llab-quvvatlanishi hamda, eng muhimi, aziz o‘qituvchilarimiz sha’ni va qadr-qimmati himoya qilinishi belgilanmoqda. Ushbu normalar taraqqiyotimiz uchun muhim omil bo‘lgan ilm-fan va ta’limni rivojlantirish, yoshlarimizning bilim olishlari uchun yanada keng imkoniyatlar yaratishda jiddiy turtki bo‘ladi. 
Raqobatbardosh milliy iqtisodiyotning tayanchi sifatida tadbirkorlik faoliyati kafolatlari mustahkamlanmoqda, xususiy mulk doirasi kengaytirilib, uning daxlsizligini amalda to‘laqonli ta’minlash, adolatli soliq tizimini yo‘lga qo‘yish, monopol faoliyatni cheklash orqali tom ma’noda erkin bozor iqtisodiyotini shakllantirish uchun barqaror asos yaratilmoqda. Ushbu normalarning kiritilishi raqobatni rivojlantirishga, ishlab chiqarish samaradorligini ortishiga, tovar va xizmatlar narxini asossiz oshmaslikka yo‘l qo‘ymaslikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Loyihada bugungi kunning eng muhim masalalaridan biri – ekologiya masalalariga ham jiddiy e’tibor qaratilgan. Har kimni qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi aniq axborotga ega bo‘lish huquqi mustahkamlanmoqda.
Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish va bugungi kun talablariga moslashtirish masalalari ham o‘rin olgan.
Xususan, loyihada davlat hokimiyatining bir qator lavozimlariga nisbatan ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq ushbu lavozimga saylanishi (tayinlanishi) mumkin emasligiga oid demokratik qoida kiritilmoqda.
Bular: Qonunchilik palatasi Spikeri; Senat Raisi; viloyat, tuman, shahar xalq deputatlari Kengashining raisi; hokim; Oliy sudning raisi va rais o‘rinbosari; Sudyalar oliy kengashining raisi va rais o‘rinbosari; Markaziy saylov komissiyaning raisi; Bosh prokuror lavozimlaridir.
Mana shu yuqorida sanab o‘tilgan lavozimdagi mansabdor shaxslar surunkasiga ikki muddatdan ortiq aynan bir lavozimda bo‘lmaydi.
Ayni paytda, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining 7-moddasida ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning davlat hokimiyati mansabdor shaxslarining vakolat muddatlari, saylanish (tayinlanish) tartibi
va (yoki) shartlarini o‘zgartiruvchi va (yoki) boshqacha tarzda ta’sir qiluvchi qoidalari ushbu Konstitutsiyaviy Qonun kuchga kirgan paytda mazkur lavozimlarni egallab turgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi va ushbu shaxslar mazkur Konstitutsiyaviy Qonun kuchga kirgan paytda ko‘rsatilgan lavozimlarni egallaganligi va (yoki) egallab kelayotganligining surunkali muddatlari sonidan qat’i nazar O‘zbekiston Respublikasining boshqa fuqarolari bilan teng ravishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, shu jumladan ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning tahriridagi, talablariga muvofiq ushbu lavozimlarga saylanish (tayinlanish) huquqiga ega ekanligi belgilanmoqda.
Ya’ni, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida saylash (tayinlash) tartibi va (yoki) muddati o‘zgarayotgan barcha davlat hokimiyati mansabdor shaxslariga bu qoida tegishli.
Shuningdek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasida parlament vakolatlarini kuchaytirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Jumladan, agar amaldagi Konstitutsiya bo‘yicha Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari 5 ta bo‘lgan bo‘lsa, loyihaga asosan ularning soni 12 ta bo‘lmoqda. Senatning mutlaq vakolatlari amaldagi 14 tadan 18 taga oshmoqda. Prezidentning ijro va sud hokimiyati tizimini shakllantirish sohasidagi amaldagi ayrim vakolatlari parlamentga berilmoqda.
Ushbu normalar hokimiyat organlari mas’uliyat chegarasini aniq belgilashga, o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini optimallashtirishga, faoliyati samaradorligini oshirishga hamda parlamentning bugungi davrga mos, tom ma’noda xalqchil organga aylanishiga xizmat qiladi.
O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yillik milliy ma’ruzani eshitish, davlat qarzining eng yuqori miqdorini belgilash, parlament tekshiruvini amalga oshirish kabi muhim vakolatlar palatalarning birgalikdagi vakolatlariga kiritilmoqda. Ta’kidlash lozimki, parlament tekshiruvi – bu xalq tekshiruvimazkur parlament nazorati shaklini Konstitutsiyada alohida mustahkamlab qo‘yish, uning samaradorligini yanada oshiradi.
Shu bilan birga, Oliy Majlis palatalari faoliyatidagi o‘zaro takrorlanishlar bartaraf etilmoqda. Xususan, Bosh vazir va Hukumat a’zolari hisobotlarini eshitish, Davlat budjeti ijrosini nazorat qilish, Hisob palatasi raisining hisobotini eshitish kabi muhim vakolatlar bevosita Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari etib belgilanmoqda.
Senat vakolatiga esa, korrupsiyaga qarshi kurashish va monopoliyaga qarshi organlari rahbarlarini saylash, Bosh prokuror, Hisob palatasi raisi lavozimlariga nomzodlarni ma’qullash, elchilarimizning hisobotlarini eshitish kabi vakolatlarning kiritilishi Senatning nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvi organlar ustidan nazorat vakolatlarini sezilarli darajada kuchaytiradi. 
Maxsus xizmatlar ustidan Senat vakolatini kuchaytirish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimiga Prezident tomonidan tavsiya etilgan nomzod bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazish va shundan so‘ng nomzodni Prezident tomonidan tayinlash tartibi o‘rnatilmoqda.
Bundan tashqari, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash maqsadida Sudyalar oliy kengashining barcha a’zolarini Senat tomonidan saylash tizimini kiritish taklifi kiritilmoqda.
Ushbu barcha takliflar Qonunchilik palatasi va Senat orasida mas’ul sohalarni belgilab olish, ikki palata o‘rtasida vazifa va funksiyalarda takrorlanishlarga yo‘l qo‘ymaslik zaruriyatidan kelib chiqmoqda.
Bundan tashqari, Senatga Prezidentning vazirliklar va boshqa respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini tuzish hamda tutatish to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlash vakolati berilmoqda. Amaldagi tahrirda mazkur vakolat Qonunchilik palatasi bilan birga amalga oshiriladi.
Hurmatli senatorlar, e’tiboringizni Senatning mahalliy vakillik organlari faoliyatiga ko‘maklashish kabi muhim vakolati ham Bosh qomusimizda mustahkamlab qo‘yilayotganligiga qaratmoqchiman. 
Ushbu norma mahalliy kengashlarga hokimning raislik qilishiga oid tartib bekor qilinayotgan yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitda ular faoliyatini samarali tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, Senatning hududlar manfaatlarini ifodalaydigan organ sifatida mahalliy Kengashlar xalqchil bo‘lishi uchun mas’uliyatini oshiradi.
Senatga qonunchilikka oid takliflarni qonunchilik tashabbusi tartibida Qonunchilik palatasiga kiritish huquqi berilayotganligini ham alohida ta’kidlash lozim. 
Ushbu vakolat Senat tomonidan qonunchilik va nazorat-tahlil faoliyati hamda fuqarolar bilan muloqot natijalari bo‘yicha qonunlarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan aniq takliflarni quyi palataga kiritish imkonini beradi. Bu esa, shubhasiz Senatning xalqni qiynayotgan muammoli masalalarning qonuniy yechimini hal etish bo‘yicha faoliyati natijadorligini oshiradi.
Mazkur yo‘nalishdagi yana bir konseptual o‘zgarishlardan biri bu – Senat tarkibini ixchamlashtirish orqali uning faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida senatorlar soni amaldagi 100 tadan 65 taga o‘zgarayotganligidir. Bunda Senatni shakllantirishning amaldagi tartibi, shu jumladan, joylardan teng vakillik saqlab qolinadi. Ushbu norma Oliy Majlis Senati faoliyatini mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlar mohiyatiga monand tarzda modernizatsiyalash imkonini beradi.
Yana bir muhim masala. Konstitutsiyaviy qonunga muvofiq, ilg‘or xorijiy tajriba inobatga olinib, Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish va ma’qullash vakolati Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatiga o‘tkazilmoqda. Bosh vazir nomzodini Qonunchilik palatasiga taqdim qilishdan oldin Prezident tomonidan barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazish tartibi joriy etilmoqda. Qonunchilik palatasi ma’qullaganidan keyin Prezident Bosh vazirni lavozimga tayinlaydi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish faqat Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko‘p ovoz olgan partiya yoki partiyalar irodasiga bog‘langan edi. Yangi taklif etilayotgan tartib orqali esa barcha siyosiy partiyalar fraksiyalarining nafaqat Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqishda, balki butun Hukumatni shakllantirishdagi ishtiroki ta’minlanadi. Bu juda ham muhim, deb hisoblayman, chunki, har bir siyosiy partiya o‘z timsolida millionlab fuqarolarimizning xohish-istaklarini ifoda etadigan siyosiy kuch hisoblanadi. Oliy Majlisdagi barcha siyosiy partiyalar mazkur jarayonda ishtirok esa, shubhasiz, bu boradagi qoidalarga yanada demokratik mazmun baxsh etadi. 
Ko‘rib turganimizdek, Oliy Majlis faoliyati tubdan transformatsiya qilinmoqda. Bunda, ushbu yangi vakolatlar va tartibotlar qachondan boshlab ishlay boshlaydi degan savol tug‘ulishi mumkin.
Konstitusyaviy qonun loyihasining 5-moddasida amaldagi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati o‘z faoliyatini yangilanayotgan Konstitutsiyada belgilangan vakolatlarga muvofiq, ushbu Konstitutsiya kuchga kirgan paytdan e’tiboran amalga oshirishi belgilanmoqda. Senat a’zolarining sonini belgilovchi yangi normalar esa, 2024 yilda navbatdagi chaqiriqdagi Senat shakllantirilishi boshlangan paytdan e’tiboran amalga kiritilishi nazarda tutilmoqda.
Hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilish institutini tugatish to‘g‘risidagi norma hokimiyat vakolatlarini bo‘linish prinsipini mahalliy darajada tatbiq etishga, mahalliy Kengashlar faoliyati samaradorligini, hokimlarning xalq vakillari oldidagi mas’uliyatini oshirishga va hududlarda xalq manfaatlarini to‘liq ta’minlashga, hokimliklar faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Sodda qilib aytganda, endilikda viloyat va tuman (shahar)da xalq saylagan deputatlar hokim faoliyatini bevosita va xolisona nazorat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Endi hududda ijro hokimiyatiga hokimlar, vakillik organiga hokimdan mustaqil bo‘lgan mahalliy Kengashlar raislari rahbarlik qilishadi. Hokim mahalliy Kengash oldida hisobot berishi esa endi boshqacha amaliy ahamiyat kasb etadi, hokimlarga yangi, ulkan mas’uliyat yuklaydi.
Shu bilan birga, tegishli normativ-huquqiy bazani tayyorlash, joylardagi davlat hokimiyatining vakillik va ijro hokimiyati organlarining faoliyatida uzluksizlikni ta’minlash maqsadida Konstitutsiyaviy qonun loyihaning 6-moddasida, Kengashlar raisi va hokim lavozimlarining bir-biridan ajralishi – Toshkent shahar va viloyatlarning davlat hokimiyati vakillik va ijro organlariga nisbatan 2024 yildagi navbatdagi vakillik organlariga saylov natijalari bo‘yicha, tuman va shaharning davlat hokimiyati vakillik va ijro organlariga nisbatan 2026 yil 1 yanvardan qo‘llanilishi belgilanmoqda.
E’tiborlaringizni yana bitta masalaga qaratmoqchiman. Qonunchilik palatasi qabul qilgan qarorda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan Konstitutsiya yangi tahrirda qabul qilinishi belgilanmoqda. Dastavval, umumxalq muhokamasiga chiqarganimizda Konstitutsiyamizga 6 ta yangi modda taklif etilgan bo‘lsa, bugungi kunda qariyb 5 baravar ko‘p, ya’ni 
 27 ta
yangi modda taklif etilyapti. 
Amaldagi Konstitutsiyaning moddalari 128 tadan 155 taga ko‘paymoqda, normalari 275 tadan 434 taga, ya’ni qariyb 65 foiga oshdi. Lo‘nda qilib aytganda bugun biz ko‘rib chiqayotgan Konstitutsiya loyihasi ham mazmunan, ham shaklan yangilanmoqda. 
Qolaversa, Konstitutsiyaning aksariyat normalari konseptual jihatdan o‘zgarmoqda, shu jumladan, davlat hokimiyatini tashkil etish, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat tarmoqlarining maqomi, o‘zaro munosabatlari takomillashmoqda. Davlat hokimiyati oliy organlari o‘rtasidagi balans, muvozanat sezilarli darajada, shu jumladan, ko‘proq parlament foydasiga o‘zgarmoqda.
Konstitutsiyaga konseptual ahamiyatga ega ko‘plab yangi o‘zgartirishlar kiritilayotganligini inobatga oladigan bo‘lsak, Konstitutsiyamizni yangi tahrirda qabul qilishimiz yuridik jihatdan ham, mantiqiy jihatdan ham to‘g‘ri qaror hisoblanadi.
Eng muhimi, ushbu barcha masalalar referendumga, ya’ni xalqimiz muhokamasiga, hukmiga chiqarilmoqda. Tariximizda ilk marotaba Konstitutsiyaning qabul qilinishi bevosita xalqimizning xohish-irodasiga bog‘liq bo‘ladi. Xalq ovoz berganidan keyin qo‘shimcha hujjatlar qabul qilinishi shart emas, Parlamentda muhokamadan o‘tishi va Prezident tomonidan imzolanish zarurati ham yo‘q. 
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya bevosita xalq tomonidan qabul qilinib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga kiritiladigan birinchi hujjat bo‘ladi. Buning eng ahamiyatli tomoni, barchaning ovozi bir xil maqomga va kuchga ega ekanligida. Ya’ni yoshu-qarining tanlovi va fikri ahamiyatli va hal qiluvchi bo‘ladi.
                                                            Xorazm viloyat ma’muriy
                                                            sudi sudyasi                                              Xasanov Umrbek Udamovich

Xorazm viloyati Yuridik Texnikumi

Bog'lanish ma'lumotlari

O'zbekiston Respublikasi, Xorazm viloyati
Urganch tumani, Fayozov ko'chasi, 1-uy

+998 (62) 229-28-35
xoryuridiktexnikum@umail.uz

Dushanba – Juma / 9:00 – 18:00

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Talabalar uchun resurslar

Ommabop xabarlar

Huquqiy targ'ibot
Huquqiy targ'ibot
"IDROK" - INTELLEKTUAL O'YININING TEXNIKUM BOSQICHI!
Xorazm viloyati yuridik texnikumida "Kitob mening do‘stim” ko‘rik-tanlovining texnikum bosqichi bo'lib o'tdi