Ma’muriy sudlar tomonidan kadastr sohasiga oid qonunchilikni qo‘llashning ayrim masalalari

Mavzu: Ma’muriy sudlar tomonidan kadastr sohasiga oid qonunchilikni qo‘llashning ayrim masalalari
 
 
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksining 26,27-moddalariga ko‘ra, ma’muriy sudlar ma’muriy organlarning qarorlari hamda mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari (harakatsizligi) bilan bog‘liq nizoli ishlarni ko‘rib hal qilish vakolatiga ega. Soliq organlari ham ma’muriy organlar sirasiga kirganligi sababli kadastr sohasiga oid nizoli munosabatlar ma’muriy sudlar tomonidan ko‘riladi. 
Ma’muriy sudlar soliq organlarining qarorlari hamda xatti-harakatlari (harakatsizligi)ga adolatli va qonuniy baho berishi uchun birinchi navbatda kadastr sohasini tartibga soluvchi qonun va qonunosti hujjatlaridan xabardor bo‘lishlari lozim.
Soliq sohasini tartibga soluvchi hamda sudlar tomonidan amaliyotda ko‘p qo‘llaniluvchi birlamchi eng muhim hujjatlar bu – O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi hamda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 7 yanvardagi 1-son qarori bilan tasdiqlangan “Soliq tekshiruvlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom hisoblanadi. Mazkur normativ-huquqiy hujjatlarda soliq sohasiga oid ko‘plab fundamental normalar o‘z aksini topgan. 
Bugungi kunda ma’muriy sudlar tomonidan soliq sohasiga oid nizolarni ko‘rishda, asosan, yuqoridagi qonun hujjatlarida belgilangan normalarga asosan soliq organi mansabdor shaxslarining qarorlari va xatti-harakatlariga baho berib, qonuniy va asosli qarorlar qabul qilinmoqda. 
Ma’muriy sud ishlarini yuritish amaliyotida soliq organlari mansabdor shaxslari tomonidan, ayniqsa kameral soliq tekshiruvi hamda soliq auditini o‘tkazishda bir qator qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilayotganligi aniqlanmoqda. 
Xususan, Soliq kodeksining 157,158-moddalari, shuningdek yuqoridagi Nizomda soliq tekshiruvlarini o‘tkazish tartibi ketma-ketlikda ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, soliq organlari tomonidan mazkur ketma-ketlik (protsedura)ga rioya etmaslik holatlari aniqlanmoqda. Bu orqali fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy huquq va manfaatlari buzilganligi natijasida soliq organi mansabdor shaxslarining qarorlari haqiqiy emas, xatti-harakatlari qonunga xilof deb topilmoqda.   
Shu o‘rinda, soliq nizolarini ko‘rishda amaliyotda vujudga kelayotgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida 2023 yil 20 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Sudlar tomonidan soliq qonunchiligini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi.
Mazkur Plenum qarori bilan Soliq kodeksining 13-moddasida belgilangan soliq to‘lovchining haqligi prezumpsiyasi prinsipini qo‘llashda sudlar soliqlarni hisoblash, undirish, to‘lash yoki soliq organi va soliq to‘lovchi o‘rtasidagi munosabatlarda vujudga kelgan qarama-qarshiliklar va noaniqliklarga emas, balki aniq qonunchilik hujjatlaridagi bartaraf etib bo‘lmaydigan qarama-qarshiliklar va noaniqliklarga baho berishi lozimligi, soliq nizolarining taraflari sifatida Soliq kodeksida nazarda tutilgan sub’ektlar hamda boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan davlat organlari va boshqa shaxslar ishtirok etishi mumkinligi, soliq nizolari sudga taalluqlilik va sudlovga tegishlilikning umumiy qoidalariga asosan tumanlararo, tuman (shahar) sudlari tomonidan birinchi instansiya sudi sifatida ko‘rilishi, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklari himoya qilinishi lozim bo‘lgan sud ishi yurituvi turini to‘g‘ri aniqlash sud himoyasi uchun murojaat qilgan shaxsning talabidan kelib chiqqan huquqiy munosabatlarga bog‘liq ekanligi, soliq qarzdorligini undirish, soliq to‘lovchilarning budjetdan pul summalarini qaytarish, undirish so‘zsiz (akseptsiz) tartibda amalga oshiriladigan ijro hujjati yuzasidan nizolar, huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi ishlar tegishliligicha iqtisodiy sudlar va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning sudloviga, soliq organlarining qarorlari va ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi), soliq organi tomonidan soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish ustidan ariza (shikoyat) ma’muriy sudlarning sudloviga taalluqli ekanligi, bundan soliq to‘lovchini soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortish bo‘yicha qabul qilgan qarorlari mustasno ekanligi va shu kabi boshqa ko‘plab tushuntirishlar berilib, soliq nizolarini sud amaliyotida to‘g‘ri hal qilish uchun zamin yaratildi. 
Bir so‘z bilan aytganda, soliq sohasiga oid qonunchilikni to‘g‘ri qo‘llash hamda amaliyotga to‘g‘ri tadbiq etishni targ‘ib qilish nafaqat shu soha vakillarining, balki barcha soha, shu jumladan, sud tizimining ham muhim vazifalaridan biri bo‘lmog‘i lozim. Zero, soliqlar davlat budjetining asosini tashkil etadi va soliq to‘lash har bir fuqaro (yuridik shaxs)ning konstitutsiyaviy burchi hisoblanadi. 
 
                                                                                                Xorazm viloyat ma’muriy sudi sudyasi T.Ibragimov         
 

Xorazm viloyati Yuridik Texnikumi

Bog'lanish ma'lumotlari

O'zbekiston Respublikasi, Xorazm viloyati
Urganch tumani, Fayozov ko'chasi, 1-uy

+998 (62) 229-28-35
xoryuridiktexnikum@umail.uz

Dushanba – Juma / 9:00 – 18:00

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Talabalar uchun resurslar

Ommabop xabarlar

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun-mohiyati va Konstitutsiyani to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llash, uni amalga oshirilgan ishlari.
"Yilning eng faol o‘quvchisi" tanlovining texnikum bosqichi bo'lib o'tdi.
"IDROK" - INTELLEKTUAL O'YININING TEXNIKUM BOSQICHI!
Sud qarorlari ustidan shikoyat berishning yangi tartibi