Ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish majburiyati

Ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish majburiyati
 
Ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berishi shart. 
Voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga asosan aliment undiriladi. 
Voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish uchun aliment to‘lash tartibi va shakli haqida ota-ona o‘rtasidagi kelishuv qonunda belgilangan qoidalarga va bolaning manfaatlariga zid bo‘lmasligi kerak. ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga to‘laydigan aliment miqdori O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 99-moddasida belgilab qo‘yilgan bo‘lib, agar voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, ularning ta’minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining bir bola uchun — to‘rtdan bir qismi; ikki bola uchun — uchdan bir qismi; uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi miqdorida undiriladi. Bu to‘lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi mumkin. lekin har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonun hujjatlari bilan belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi kerak. 
Voyaga yetmagan bolalarga aliment to‘lash haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmaganda yoki aliment ixtiyoriy ravishda to‘lanmaganda va ota-onadan birortasi ham aliment undirish to‘g‘risida sudga da’vo yoxud ariza bilan murojaat qilmagan hollarda, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek o‘n to‘rt yoshga to‘lgan bola voyaga yetmagan bolaning ta’minoti uchun ota yoki onadan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga haqlidir. 
Shunga ko‘ra, Marjona Baxrambek qizi sudga sud buyrug‘i berish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilib, 2022 yil 18 yanvarda tug‘ilgan Umar Sardorbek o‘g‘li ta’minoti uchun Sardorbek Ergashevichdan aliment undirishni so‘ragan.
Sudning 2022 yil 01 avgustdagi sud buyrug‘i bilan qarzdor Sardorbek Ergashevichdan undiruvchi Marjona Baxrambek qizi foydasiga 2022 yil 18 yanvarda tug‘ilgan Umar Sardorbek o‘g‘li ismli farzandining ta’minoti uchun uning har oydagi ish haqi va boshqa daromadining to‘rtdan bir qismi miqdorida aliment undirilishi belgilangan.
Ushbu sud buyrug‘i qarzdor Sardorbek Ergashevichning bildirgan e’tirozi sababli sudning 2022 yil 12 avgustdagi ajrimi bilan bekor qilingan.
Chunki, O‘zbekiston Respublikasi FPKning 181-moddasiga ko‘ra qarzdor arz qilingan talabga qarshi e’tirozlarini buyruqni bergan sudga sud buyrug‘ining ko‘chirma nusxasini olgan kundan e’tiboran o‘n kunlik muddatda yuborishga haqli. Bunday holda sudya sud buyrug‘ini bekor qilib, bu haqda ajrim chiqaradi. Sud buyrug‘ini bekor qilish to‘g‘risidagi ajrimda sudya undiruvchi bildirgan talab da’vo ishini yuritish tartibida taqdim etilishi mumkinligini tushuntiradi.
Shunga ko‘ra, Marjona Baxrambek qizi 2022 yilning sentabr oyida  sudga da’vo ariza bilan murojaat etib, turmush o‘rtog‘i Sardorbek Ergashevich bilan o‘zaro kelishmovchiliklar sabab alohida yashayotganligini, voyaga yetmagan farzandi o‘zining tarbiyasida ekanligini, Sardorbek Ergashevich esa farzandi ta’minotida ishtirok etmasligini bildirib, 2022 yil 18 yanvarda tug‘ilgan Umar Sardorbek o‘g‘li ismli farzandining ta’minoti uchun aliment undirishni so‘ragan.
Sudning 2022 yil 22 sentabrdagi hal qiluv qarori bilan javobgar Sardorbek Ergashevichdan da’vogar Marjona Baxrambek qizi foydasiga 2022 yil 18 yanvarda tug‘ilgan Umar Sardorbek o‘g‘li ismli farzandining ta’minoti uchun uning har oydagi ish haqi va boshqa daromadining to‘rtdan bir qismi miqdorida aliment 2022 yil 01 avgustdan boshlab undirilishi belgilangan.
  
Elyor Ro‘zimov, fuqarolik ishlari bo‘yicha Bog‘ot tumanlararo sudining raisi

Xorazm viloyati Yuridik Texnikumi

Bog'lanish ma'lumotlari

O'zbekiston Respublikasi, Xorazm viloyati
Urganch tumani, Fayozov ko'chasi, 1-uy

+998 (62) 229-28-35
xoryuridiktexnikum@umail.uz

Dushanba – Juma / 9:00 – 18:00

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Talabalar uchun resurslar

Ommabop xabarlar

Huquqiy targ'ibot
Xorazm viloyati yuridik texnikumida "Kitob mening do‘stim” ko‘rik-tanlovining texnikum bosqichi bo'lib o'tdi
Huquqiy targ'ibot
"IDROK" - INTELLEKTUAL O'YININING TEXNIKUM BOSQICHI!