Maqola

O‘zbekiston Respublikasining 2023 yil 26 apreldagi “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining samarali himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi  O‘RQ-833-sonli Qonunining mazmun-mohiyati. 
 
Mamlakatimizda davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatish, shuningdek fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirish, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining, mansabdor shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiq faoliyat yuritishini ta’minlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Hozirgi vaqtda ma’muriy sud ishlarini yuritishda arizachi hokimiyat vakolatlariga ega bo‘lgan ma’muriy organga, uning mansabdor shaxsiga — javobgarga nisbatan tengsiz holatdadir. Ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha chiqarilgan sud hujjatining davlat organlari yoki mansabdor shaxslar tomonidan ixtiyoriy ravishda ijro etilishini ta’minlash ustidan samarali nazorat mexanizmi ham nazarda tutilmagan. Buning natijasida fuqarolarning yoki yuridik shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab chiqarilgan sud hujjatlari ko‘p hollarda davlat organlari yoki mansabdor shaxslar tomonidan ijro etilmasdan qolmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan xolda, ushbu Qonun sud tizimida «yagona darcha» prinsipini keng joriy etish maqsadida arizalarni sudga taalluqliligidan qat’i nazar, qabul qilishga va vakolatli sudga yuborishga hamda muayyan ish doirasida barcha huquqiy oqibatlarni hal qilishni ta’minlash tizimi joriy etilishiga, ma’muriy sud ishlarini yuritish «sudning faol ishtiroki» prinsipi asosida amalga oshirilishiga, ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar bilan bir qatorda unga sababiy bog‘lanishda bo‘lgan zararning o‘rnini qoplash haqidagi talabning ma’muriy sud tomonidan ko‘rilishiga, ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar bo‘yicha taraflarga kelishuv bitimini tuzish huquqi berilishiga, sud hujjatlari ma’muriy organlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa organlar, shuningdek tashkilotlar tomonidan ijro etilmagan taqdirda, ularning mansabdor shaxslariga nisbatan sud jarimalari qo‘llanilishiga doir protsessual qoidalarni belgilaydi.
Mazkur qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi Qonunining 861-moddasi quyidagi tahrirda bayon etilgan.
Davlat ijrochisining qarorlari ustidan shikoyat berish va protest keltirish. Davlat ijrochisining harakati (harakatsizligi) ustidan shikoyat berish.
Davlat ijrochisining qarori, harakati (harakatsizligi) ustidan shikoyat qaror chiqarilganligi to‘g‘risida xabar qilingan kundan yoki manfaatdor shaxsga o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi haqida ma’lum bo‘lgan paytdan e’tiboran o‘n kunlik muddatda davlat ijrochisi joylashgan yerdagi ma’muriy sudga yoxud bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga, mansabdor shaxsga beriladi.
Davlat ijrochisining qaroriga qonunda belgilangan tartibda prokuror tomonidan protest keltirilishi mumkin.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 25 yanvarda qabul qilingan O‘RQ-462-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga ham bir qator o‘zgartirishlar kiritildi.
Xususan, mazkur kodeks 273-moddasi bilan to‘ldirilib, unga ko‘ra talab sudga taalluqlilik qoidalari buzilgan holda ma’muriy sudga taqdim etilgan bo‘lsa, ariza (shikoyat) taalluqliligiga ko‘ra fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga yoki iqtisodiy sudga ko‘rib chiqish uchun o‘tkaziladi.
Agar ariza (shikoyat) sudga taalluqlilik qoidalarini buzgan holda ish yuritishga qabul qilinganligi ishni ko‘rib chiqish chog‘ida aniqlansa, ma’muriy sud ish materiallarini sudga taalluqliligiga ko‘ra fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga yoki iqtisodiy sudga ko‘rib chiqish uchun o‘tkazish va ma’muriy sud ishini yuritishni tugatish to‘g‘risida ajrim chiqaradi.
Arizani (shikoyatni), ish materiallarini ma’muriy suddan sudga taalluqliligiga ko‘ra boshqa sudga o‘tkazish to‘g‘risidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Ma’muriy suddan taalluqliligiga ko‘ra boshqa sudga o‘tkazilgan ariza (shikoyat), ish materiallari o‘ziga o‘tkazilgan sud tomonidan qabul qilib olinishi kerak.
 
Urganch tumanlararo 
ma’muriy sudining sudyasi                      Yusupov Temurbek Durdibayevich