Mavzu: Fermer xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalarini berishda tanlov g‘olibini aniqlash tartibi

Mavzu: Fermer xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalarini berishda tanlov g‘olibini aniqlash tartibi
 
O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksi 46-moddasi birinchi qismining 3-kichik bandiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga - fermer xo‘jaliklarini yuritish uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 53-moddasida hamda O‘zbekiston Respublikasining 2004 yil 26 avgustdagi “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunining 11-moddasida fermer xo‘jaliklari yuritish uchun yer uchastkalari berish tartibi keltirilgan bo‘lib, Fermer xo‘jaliklari yuritish uchunuch yer uchastkalari ochiq tanlov asosida ijaraga ellik yilgacha bo‘lgan, lekin o‘ttiz yildan kam bo‘lmagan muddatga berilishi belgilangan.
Yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi fermer xo‘jaligining boshlig‘i va tuman hokimi tomonidan imzolanadi.
Fermer xo‘jaligini yuritish uchun:
zaxiradagi yerlardan yer uchastkalari;
yuridik va jismoniy shaxslarga berilmagan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan yer uchastkalari beriladi.
Zaxira yerlardan yoki yuridik va jismoniy shaxslarga berilmagan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan yer uchastkalari o‘tkazilgan tanlov yakunlariga ko‘ra yer uchastkalari berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiquvchi tuman komissiyasi hamda tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining xulosasiga binoan xalq deputatlari tuman Kengashining qarori asosida qabul qilingan tuman hokimining qarori bo‘yicha beriladi.
Fermer xo‘jaligiga berilgan yer uchastkalari xususiylashtirilishi va oldi-sotdi, garov, hadya, ayirboshlash ob’ekti bo‘lishi mumkin emas.
Tuman hokimi yuridik va jismoniy shaxslarga berilmagan qishloq xo‘jaligi maqsadidagi yerlardan va (yoki) zaxiradagi yerlardan yer uchastkalari ajratish to‘g‘risida, shuningdek ushbu yerlarni fermer xo‘jaliklariga berish bo‘yicha tanlov o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Hokimning tanlov o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori mahalliy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, qishloq xo‘jaligi korxonalari va tashkilotlari boshqaruvi (ma’muriyati) binolarida osib qo‘yilishi kerak. E’londa quyidagilar ko‘rsatilishi lozim: yer uchastkasining o‘lchami, joylashgan joyi, sifati va boshqa tavsiflari, tashkil etilayotgan fermer xo‘jaligining mo‘ljallanayotgan ixtisoslashuvi, tugatilayotgan yoki maqbullashtirilayotgan qishloq xo‘jaligi tashkilotiga qoplanishi lozim bo‘lgan xarajatlar qiymati, tanlovning o‘tkazilish vaqti va joyi.
Tuman hokimligi ushbu ma’lumotlarning to‘liq va o‘z muddatida e’lon qilinishi uchun mas’ul hisoblanadi.
Tanlov uni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorlar qabul qilingan vaqtdan boshlab bir oy mobaynida o‘tkazilishi kerak.
Fermer xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalarini berishda tanlov g‘olibini aniqlash tartibi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirining
2005 yil 18 noyabrdagi 237a-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan Fermer xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalarini berishda tanlov g‘olibini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi Nizomda o‘z aksini topgan. 
Fermer xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkalarini berish bo‘yicha tanlov o‘tkazishda tanlov o‘tkazishga tayyorgarlik qilish va uni e’lon qilish, tanlovda ishtirok etish shartlari, tanlovni o‘tkazish tartibi hamda yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasini va tanlov G‘olibining mulkka bo‘lgan huquqini rasmiylashtirish masalalari tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
 2002 yil 5 yanvardagi 8-sonli, 2003 yil 30 oktabrdagi 476-sonli qarorlari hamda mazkur Nizom talablari
asosida o‘tkaziladi.
Tanlov uni o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan va e’lon qilingan kundan boshlab bir oy mobaynida o‘tkazilishi kerak
Tanlovda ishtirok etish huquqiga o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, qishloq xo‘jaligida tegishli malaka yoki ish tajribasiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, shu jumladan faoliyat ko‘rsatayotgan fermer xo‘jaliklarining boshliqlari ega.
Yuridik va jismoniy shaxslarga berilmagan qishloq xo‘jaligi maqsadidagi yerlardan va (yoki) zaxiradagi yerlardan yer ajratishga doir ikki loyihasi bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda g‘olib chiqqan fuqarolarning, shu jumladan faoliyat ko‘rsatayotgan fermer xo‘jaliklari boshliqlarining ko‘rsatilgan yer uchastkalari bo‘yicha boshqa loyihalar yuzasidan o‘tkaziladigan tanlovlardagi ishtiroki to‘xtatiladi.
Yer uchastkalari berish to‘g‘risidagi ariza tashkil etilayotgan xo‘jalikning biznes-rejasi yoki faoliyat dasturi ilova qilingan holda tuman hokimiga beriladi. Fuqarolarning arizasi maxsus daftarda ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Yer uchastkalari berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiquvchi komissiya fermer xo‘jaligiga yer uchastkalari berish bo‘yicha tanlov o‘tkazadi. Komissiyaning qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Mazkur bayonnoma barcha hujjatlar, shu jumladan, tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining xulosasi bilan birgalikda ko‘rib chiqish uchun xalq deputatlari tuman Kengashiga yuboriladi.
Xalq deputatlari tuman Kengashi eng yaqindagi sessiyada komissiya tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqadi va tegishli qaror qabul qiladi, ushbu qaror tuman hokimiga taqdim etiladi.
Tuman hokimi xalq deputatlari tuman Kengashining ijobiy qarori asosida uch kun mobaynida fermer xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkasi berish to‘g‘risida qaror chiqaradi.
Tanlovda ishtirok etish uchun qatnashuvchilarni tanlash ikki bosqichdan iborat bo‘ladi:
birinchi bosqichda hujjatlarning to‘liqligi va mazmuni tekshiriladi;
ikkinchi bosqichda talabgorlarning arizalarida bayon qilingan takliflarning iqtisodiy asoslanganligi o‘rganib chiqiladi.
Tanlovda ishtirok etuvchi qatnashuvchilarni tanlashning birinchi bosqichida talabgorlarning imkoniyatlari quyidagi ko‘rsatkichlar asosida baholanadi:
mutaxassisligi;
ma’lumoti;
qishloq xo‘jaligidagi ish staji;
majburiyatlardan holi bo‘lgan pul mablag‘lari;
mavjud yaroqli texnikasi;
so‘nggi yillarda shartnomaviy majburiyatlarning qay darajada bajarilishi.
Talabgorlarning imkoniyatlari 10 ballik reyting shkalasida quyidagilarni inobatga olgan holda baholanadi:
a) talabgorning mutaxassisligi va ma’lumoti ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat (shahodatnoma, diplom, sertifikat, guvohnoma)ga asosan 5 balldan 10 ballgacha baholanadi. Bunda komissiyaga ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat taqdim etiladi (nusxalari olinib, asli qaytariladi).
Xorijiy davlatlar, shu jumladan MDH davlatlari ta’lim muassasalari tomonidan 1992 yil 1 yanvardan so‘ng berilgan ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlar belgilangan tartibda tan olingan bo‘lishi lozim;
Talabgorning mutaxassisligini baholashda talabgorning ma’lumoti (oliy yoki o‘rta maxsus)dan qat’iy nazar, faqatgina mutaxassislik inobatga olinadi. Mutaxassislik uchun eng yuqori ball fermer xo‘jaligi bo‘yicha maxsus mutaxassislikka ega bo‘lgan talabgorlarga beriladi. Bunda, fermer xo‘jaligi bo‘yicha maxsus mutaxassislik deganda fermerlik faoliyatini yuritishga doir maxsus mutaxassislikka ega shaxslar, shu jumladan aynan shu sohada kasb-hunar kollejini tamomlagan yoki shu sohada bakalavr (magistr) darajasini olgan yoxud boshqa ilmiy darajaga ega bo‘lgan shaxslar hisoblanadi.
Bir necha mutaxassislik bo‘yicha ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatga ega bo‘lgan talabgorlarning faqatgina bitta eng yuqori balli mutaxassisligi inobatga olinadi.
b) talabgorning qishloq xo‘jaligidagi ish stajini aniqlashda mehnat daftarchasiga asosan faqat shu sohada o‘talgan ish staji inobatga olinadi va 6 balldan 10 ballgacha baholanadi.
Bunda komissiyaga mehnat daftarchasi yoki uning ish joyidan tasdiqlangan nusxasi taqdim etiladi.
v) talabgorning majburiyatlardan holi pul mablag‘lari mavjudligi bank tomonidan berilgan ma’lumotnomada tasdiqlangan bo‘lishi lozim. Bank ma’lumotnomasi bank Boshqaruvi raisi yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxs tomonidan imzolangan va bank muhri bilan tasdiqlangan bo‘lishi shart.
Ayrim hollarda talabgor tanlovga pul mablag‘lari o‘rniga o‘z
mol-mulkini taklif etishi mumkin. Bunda mol-mulk talabgorning o‘ziga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lishi lozim. Agar taklif etilayotgan
 mol-mulk talabgorga birgalikdagi mulk huquqi asosida tegishli bo‘lsa, bu holda tegishli oila a’zosining (ota-ona, er-xotin va farzandlar) notarial tasdiqlangan roziligi bo‘lishi lozim.
Fermerlikka talabgor yuridik va jismoniy shaxsning hisobvarag‘idagi majburiyatlardan ozod bo‘lgan mavjud pul mablag‘i yoki mol-mulki 4 balldan 10 ballgacha baholanadi.
Tanlovga taklif etilgan mol-mulklar qiymati quyidagi shartlar asosida inobatga olinadi:
1) mol-mulk baholangan va ularga bo‘lgan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘lishi lozim. Chorva mollarining talabgorga tegishliligi qishloq fuqarolar yig‘ini tomonidan berilgan, fuqarolar yig‘ini raisi tomonidan imzolanib, muhri bilan tasdiqlangan ma’lumotnoma asosida aniqlanadi. Ularning narxi chorva bozori ma’muriyati tomonidan berilgan komissiyaga ma’lumotnoma asosida aniqlanadi;
2) talabgor tanlovga yuqori likvidli mol-mulkni taqdim etishi lozim;
3) tanlovga talabgorning shaxsiy uy-joyi, uy buyumlari va shu kabilarni, shuningdek sud qaroriga ko‘ra yoki boshqa asoslarga ko‘ra xatlangan mol-mulklarni taklif etishga yo‘l qo‘yilmaydi;
4) tanlovda ishtirok etish uchun talabgorga bevosita mulk huquqi asosida tegishli bo‘lmagan, shu jumladan talabgor ta’sis etgan (ishtirokchisi bo‘lgan) yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan mol-mulklarni taklif etishga yo‘l qo‘yilmaydi, talabgor sifatida tanlovda ishtirok etayotgan fermer xo‘jaligi bundan mustasno;
5) mol-mulk qiymatini aniqlashda tanlovda qatnashish uchun taklif etayotgan texnika vositalari qiymati hisobga olinmaydi.
Ikkita loyihaga ariza bergan talabgorning bir loyiha bo‘yicha tanlovda inobatga olingan pul mablag‘lari ikkinchi loyihaga tanlovda inobatga olinmaydi. Bunday talabgor o‘z pul mablag‘larini loyihalar o‘rtasida o‘z xohishiga ko‘ra taqsimlashi mumkin.
g) talabgor tomonidan tanlovga taklif etilayotgan texnika vositalari ularning turi va texnik imkoniyatlaridan kelib chiqib
 1 balldan 10 ballgacha baholanadi.
Fermer xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkasi berish bo‘yicha ochiq tanlovda fermer xo‘jaligi boshlig‘i tomonidan ko‘rsatib o‘tilgan mol-mulk, texnika va pul mablag‘lari ustav fondiga kiritilmaganligi, fermer xo‘jaligini sudning qaroriga muvofiq tugatish uchun asos hisoblanadi.
Ikkita loyihaga ariza bergan talabgorlarning bir loyihaga tanlovda inobatga olingan texnika vositalari boshqa loyihaga tanlovda inobatga olinmaydi. Biroq, agar talabgor taklif etayotgan texnika vositasining imkoniyatlari (quvvati) bir loyihadagi yer maydoniga nisbatan yuqoriroq bo‘lsa, bunday texnika vositasi boshqa loyihaga tanlovda ham inobatga olinishi mumkin.
Tanlovda ishtirok etayotgan faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaligi boshlig‘i ushbu fermer xo‘jaligiga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan texnik vositalarini tanlovga taklif etishi mumkin. Bu holda, texnika vositalarining imkoniyatlari fermer xo‘jaligining mavjud yer maydonini ham inobatga olgan holda baholanadi.
Tanlovga taklif etilgan texnika vositalari quyidagilar asosida baholanadi:
1) texnika vositalarini baholashda faqatgina texnik pasportidagi texnik sozligi to‘g‘risidagi belgi mavjud bo‘lgan texnika vositalarigina inobatga olinadi;
2) ball loyihadagi yer maydoni o‘lchamiga ishlov berish uchun zarur bo‘lgan texnika vositasining har bir turiga (tegishli turdagi texnika vositasining sonidan qat’iy nazar) beriladi.
3) taklif etilgan barcha turdagi texnika vositalari uchun qo‘yilgan ballar yig‘indisi 15 balldan oshmasligi lozim.
Talabgor tomonidan tanlovga taklif etilgan pul mablag‘lari, taklif etilgan texnika vositalari tanlovda yutgan taqdirda bo‘lajak fermer xo‘jaligining ustav fondiga kiritiladi.
Fermer xo‘jaligi faoliyatini yuritish jarayonida bevosita foydalanilishi mumkin bo‘lgan mol-mulklar bo‘yicha sotish majburiyatini olish talab etilmaydi, bunday mol-mulklarni bo‘lajak fermer xo‘jaligining ustav fondiga kiritish majburiyatini olish kifoya.
Taklif etilgan pul mablag‘lari, mol-mulk va texnika vositalarini bo‘lajak fermer xo‘jaligining ustav fondiga kiritish majburiyati talabgorning arizasida ko‘rsatiladi.
Fermer xo‘jaligi ustav fondining qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda shakllantirilmaganligi, shu jumladan, tanlovda taklif qilingan pul mablag‘lari, mol-mulk va texnika vositalarining ustav fondiga kiritilmaganligi natijasida shakllantirilmaganligi, fermer xo‘jaligini sudning qaroriga muvofiq tugatish uchun asos hisoblanadi.
4) tanlovda ishtirok etish uchun talabgorga bevosita mulk huquqi asosida tegishli bo‘lmagan, shu jumladan talabgor ta’sis etgan yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan texnika vositalarini taklif etishga yo‘l qo‘yilmaydi, talabgor sifatida tanlovda ishtirok etayotgan fermer xo‘jaligi bundan mustasno.
d) agar talabgor fermer xo‘jaligi boshlig‘i yoki oilaviy pudratchi bo‘lsa, u tomonidan ish faoliyatining so‘nggi uch yildagi mahsulot yetkazib berish shartnomalarining bajarilishi to‘g‘risidagi tuman statistika bo‘limi tomonidan berilgan ma’lumotnoma asosida 4 balldan 10 ballgacha baholanadi.
Agar talabgor qishloq xo‘jaligi kooperativlari hamda boshqa qishloq xo‘jalik korxonalari va tashkilotlari rahbari va xodimlari (fermer xo‘jaliklari xodimlari va oilaviy pudratchilar bundan mustasno) bo‘lsa, unda xo‘jalikning so‘nggi uch yildagi mahsulot yetkazib berish kontraktatsiya shartnomalarining bajarilishi to‘g‘risidagi tuman statistika bo‘limi tomonidan berilgan ma’lumotnoma asosida 4 balldan 10 ballgacha baholanadi.
ye) talabgor O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan birgalikda berilgan tavsiyanoma xatga ega bo‘lsa, 10 ball bilan baholanadi.
Tanlovda ishtirok etish uchun qatnashuvchilarni tanlashning ikkinchi bosqichida komissiya tomonidan talabgorlar takliflarining iqtisodiy asoslanganligi baholanadi.
Takliflarning iqtisodiy asoslanganligi talabgorning arizasi va biznes-rejasini, zarur hollarda esa, tavsiyanoma xatlarini tahlil etish asosida 5 balldan 10 ballgacha baholanadi.
Takliflarning iqtisodiy asoslanganligini baholashda ariza va biznes-rejada nazarda tutilgan maqsadlarga erishish qanchalik haqiqatga yaqinligi, shuningdek talabgorning yer maydonidan ko‘p yillik o‘rtacha ko‘rsatkichdan kam bo‘lmagan hosildorlikni ta’minlash, qishloq xo‘jalik ekinlarini joylashtirish sxemasiga rioya etgan holda 10 yil muddat mobaynida ishlab chiqarish ixtisoslashuvini o‘zgartirmaslik, almashlab ekishga rioya etgan holda davlat ehtiyojlari uchun mahsulot sotish, tuproq unumdorligini oshirish, kreditorlik qarzlarini belgilangan muddatlarda to‘lash kabi majburiyatlarining to‘liqligi va ularni bajarish imkoniyatlari hisobga olinadi.
Tanlovda ishtirok etish uchun qatnashuvchilarni tanlashning birinchi va ikkinchi bosqichlari bir vaqtning o‘zida o‘tkaziladi. Buning uchun tanlov e’lon qilingan kundan boshlab 21 kundan keyin, lekin
 25 kundan kechiktirmay, komissiya a’zolarining yig‘ilishi o‘tkaziladi. Yig‘ilish unda komissiya a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgandagina haqiqiy hisoblanadi.
Yig‘ilishda talabgorning har bir ko‘rsatkichi bo‘yicha tegishli ballni berish masalasi komissiya a’zolari tomonidan mazkur Nizomning
 2-ilovasida nazarda tutilgan ko‘rsatkichlar asosida ko‘pchilik ovoz bilan hal etiladi va har bir ko‘rsatkich bo‘yicha bitta ball beriladi.
Yig‘ilishda komissiya a’zolarining ko‘pchilik ovoziga ko‘ra qo‘yilgan reyting ballari tanlovda ishtirok etish uchun qatnashuvchilarni tanlash varaqasiga qo‘yiladi. Ushbu varaqa tanlov o‘tkazilgan kuniyoq mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shaklda to‘ldirilib, komissiya raisi va a’zolari tomonidan imzolanadi.
Tanlovda ishtirok etish uchun qatnashuvchilarni tanlash bosqichlarida eng yuqori reyting ballari to‘plagan talabgorlar komissiya qaroriga ko‘ra tanlovda ishtirok etish uchun tavsiya qilinadi.
Bunda olgan bali eng yuqori ball olgan talabgordan 10 ballgacha yoki 10 ballga farq qilgan talabgorlar eng yuqori ball olgan talabgorlar hisoblanadi va tanlovda ishtirok etish uchun tavsiya etiladi.
Qolgan talabgorlar tanlovda ishtirok etish uchun tavsiya etilmaydi va bunday talabgorlarga tanlovdan olinganligi to‘g‘risida yozma ravishda rad javobi beriladi.
Bir loyihaga talabgorlarning soni uchtadan kam bo‘lsa, olgan ballari miqdoridan qat’iy nazar, ularning hammasi tanlovda ishtirok etish uchun tavsiya qilinadi.
Tanlovda ishtirok etishga tavsiya etish to‘g‘risidagi qaror mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq shaklda qabul qilinadi, komissiya raisi, a’zolari va kotibi tomonidan imzolanadi hamda keyingi kundan kechiktirmay tanlovda ishtirok etishga tavsiya etilgan talabgorlar ro‘yxati e’lon qilinadi.
Komissiya tomonidan tanlovda ishtirok etishga tavsiya etish to‘g‘risidagi qaror bilan birgalikda tanlovni o‘tkazish shartlari ham e’lon qilinadi.
Tanlovni o‘tkazish qoidalari va talablariga rioya etmagan, qonunchilik hujjatlariga asosan talabgorlar deb e’tirof etilmagan, tanlovda ishtirok etish uchun arizalarni o‘z vaqtida taqdim etmagan shaxslar tanlovda ishtirok etishga qo‘yilmaydi.
Tanlovda ishtirok etish uchun yolg‘on ma’lumotlar va soxta hujjatlar taqdim etgan shaxslar ham tanlovda ishtirok etishga qo‘yilmaydi.
Komissiya tanlovda ishtirok etishga qo‘yilgan shaxslar to‘g‘risidagi to‘liq axborotni tanlov o‘tkaziladigan binoda manfaatdor shaxslar e’tiboriga yetkazilishini ta’minlaydigan tarzda yozma shaklda e’lon qilishi, shuningdek tanlovda ishtirok etishga qo‘yilmagan shaxslarga yozma shaklda asosli rad javoblarini yo‘llashi shart.
Tanlovda ishtirok etish uchun qatnashuvchini tanlashda talabgor sifatida e’tirof etilgan, biroq to‘plagan ballariga asosan tegishli loyihaga tanlovda ishtirok etish uchun qo‘yilmagan talabgorlar to‘plagan ballarini saqlab qolgan holda boshqa loyihalar bo‘yicha o‘tkaziladigan tanlovda qatnashish huquqini saqlab qoladilar. Bunday talabgor boshqa loyihaga tanlov o‘tkazilgunga qadar komissiyaga ariza bilan murojaat qilishi va arizaga faqatgina Tanlovda ishtirok etish uchun qatnashuvchilarni tanlash varaqasini ilova qilishi kifoya.
Tanlovda ishtirok etish uchun tanlab olingan qatnashuvchi o‘z arizasini bir loyihadan olib, ushbu loyiha bo‘yicha tanlovda ishtirok etmasdan, avval to‘plagan ballarini saqlab qolgan holda shu xo‘jalikdagi boshqa loyihadagi yer maydoniga berish huquqiga ega. Bunday talabgor boshqa loyihaga tanlov o‘tkazilgunga qadar komissiyaga ariza bilan murojaat qilishi va arizaga faqatgina Tanlovda ishtirok etishga tavsiya etish to‘g‘risidagi komissiya qarorini ilova qilishi kifoya.
Bu holda, talabgorning to‘plagan bali u ariza bergan boshqa loyihaga tanlovda ishtirok etish uchun tanlab olingan talabgorlar to‘plagan balldan kam bo‘lmasligi lozim.
Tanlov uni o‘tkazish to‘g‘risida e’lon qilingan kundan so‘ng bir oydan keyin o‘tkaziladi va unda komissiya a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgandagina haqiqiy hisoblanadi.
Tanlov eng ko‘p ariza tushgan loyihalar bo‘yicha boshlanib, arizalarning soni kamayishiga qarab navbatma-navbat o‘tkazilishi kerak.
Komissiya a’zolari tomonidan har bir talabgorning qobiliyati, tegishli bilimi, ishbilarmonligi va saviyasi, fermer xo‘jaligi faoliyatini yuritish va boshqarish bo‘yicha berilgan savol-javoblar asosida 10 balli shkala bilan baholanadi. Tanlov varaqasi ushbu Nizomning 5-ilovasiga muvofiq har bir komissiya a’zosi tomonidan shaxsan to‘ldirib imzolanadi va komissiya raisiga topshiriladi.
Tanlovda har bir komissiya a’zosi tomonidan talabgorga qo‘yilgan ballar yig‘indisi komissiyada ball qo‘ygan a’zolar soniga bo‘linadi va talabgorga qo‘yilgan o‘rtacha ball hisoblab chiqariladi.
Tanlovda qatnashish uchun tanlash bosqichida to‘plangan ball va tanlovda olingan o‘rtacha ball yig‘indisi talabgorning yakuniy bali hisoblanadi.
Eng ko‘p yakuniy ball to‘plagan talabgor tanlov g‘olibi deb topiladi va tanlov o‘tkazilgan kundan boshlab 3 kundan kechiktirmay e’lon qilinadi.
Fermer xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkasini olishda fermer xo‘jaligi tashkil etilayotgan joyda yashovchi shaxslar boshqa teng shartlarda ustun huquqdan foydalanadilar.
Qishloq xo‘jaligi korxonasini fermer xo‘jaliklariga aylantirish bo‘yicha komissiya yakuniy bayonnomasi qo‘shimcha ravishda ushbu korxonaning yuqori boshqaruv organi tomonidan tasdiqlanadi.
Agar bitta loyihaga faqat bitta talabgordan ariza kelib tushgan bo‘lsa, u holda tanlov muddati tugagandan so‘ng ushbu loyihaga belgilangan tartibda qayta tanlov o‘tkaziladi. Qayta tanlovda ham ushbu loyihaga boshqa talabgorlardan ariza kelib tushmasa, komissiyaning bir ovozdan qabul qilgan qarori bilan talabgorga ushbu loyihadagi yer uchastkasi berilishi mumkin. Bunda, talabgorning taqdim etgan hujjatlari va o‘tkazilgan suhbat natijasida olgan bali tanlovda qatnashgan va eng yuqori ball olgan talabgor balining yarmidan kam bo‘lmasligi lozim. Bu haqda komissiya yig‘ilishi bayonnomasiga tegishli yozuv kiritiladi.
Komissiyaning yakuniy yig‘ilishi bayoni va unga ilova qilingan hujjatlar tuman hokimiga yuboriladi.
Shuningdek, Yer kodeksi 84-moddasida fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari dehqon xo‘jaliklarining yer uchastkalaridan hamda tomorqa yerlardan maqsadli va samarali foydalanilishi ustidan jamoatchilik nazoratini hamda uylarni aylanib chiqish orqali muntazam ravishda monitoringni amalga oshirishi hamda yer uchastkalaridan maqsadli va samarali foydalanish zarurligi to‘g‘risida ko‘rsatmalar berishga haqli ekanligi ham belgilangan.
Tuman hokimining fermer xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkasi berishni rad etish to‘g‘risidagi qarori ustidan sudga yoki bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organga shikoyat qilinishi mumkin.
 
Urganch tumanlararo ma’muriy sudi 
sudyasi S.Allabergenov

Xorazm viloyati Yuridik Texnikumi

Bog'lanish ma'lumotlari

O'zbekiston Respublikasi, Xorazm viloyati
Urganch tumani, Fayozov ko'chasi, 1-uy

+998 (62) 229-28-35
xoryuridiktexnikum@umail.uz

Dushanba – Juma / 9:00 – 18:00

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Talabalar uchun resurslar

Ommabop xabarlar

Huquqiy targ'ibot
Huquqiy targ'ibot
"IDROK" - INTELLEKTUAL O'YININING TEXNIKUM BOSQICHI!
Xorazm viloyati yuridik texnikumida "Kitob mening do‘stim” ko‘rik-tanlovining texnikum bosqichi bo'lib o'tdi