Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish tizimi mustahkamlanmoqda.

Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish tizimi mustahkamlanmoqda.
Prezidentimiz Yangi O‘zbekiston davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri – gender tengligiga erishish, xotin-qizlarning huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, davlat va jamiyat hayotidagi rolini kuchaytirish, deb ta’kidlagan.
Bu fikrlar xalqaro huquq me’yorlariga mos keladi. BMTning “Xotin-qizlar kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida”gi konvensiyasida ayollar huquqlarini ta’minlash, ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha muhim qoidalar belgilangan.
Mamlakatimiz mazkur konvensiyaga qo‘shilgan va milliy qonunchilik shunga moslashtirilgan. “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar bilan xotin-qizlar huquqlari kafolatlari kuchaytirildi.
Mehnat kodeksi va boshqa tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga xotin-qizlar uchun taqiqlangan kasbiy faoliyat sohalarini qisqartirish, qonunchilikdagi gender - assimetrik qoidalarni bartaraf etishga qaratilgan qo‘shimchalar va o‘zgartishlar kiritildi.
Xotin-qizlar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlashning institutsional asoslari yanada mustahkamlandi.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyada ham ayollar huquqlarini mustahkam himoyalash yuzasidan qo‘shimcha normalar belgilandi.
Misol uchun, Konstitutsiyaning 42 - moddasi uchinchi qismiga muvofiq, homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi.
58 - moddasi ikkinchi qismida, davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek, jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlashi belgilangan.
2023 yil 31 avgust kuni bu boradagi ishlarning davomi sifatida g‘oyat muhim bo‘lgan me’yoriy hujjat qabul qilindi. Bu Vazirlar Mahkamasining “Xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi qonunchilik hujjatlari takomillashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qaroridir.
Joriy yil 4 sentabrdan qonuniy kuchga kirgan qarorga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish, ijrosini ta’minlash va monitoring olib borish to‘g‘risidagi Nizom”ning 24 - bandi quyidagicha tahrirlandi: “Tazyiq va zo‘ravonlik yoki ularni sodir etish xavfi bartaraf etilmagan taqdirda, tegishli hududda tazyiq va zo‘ravonlikning yakka tartibdagi profilaktikasini amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan profilaktika katta inspektori tomonidan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining arizasiga ko‘ra bir ish kuni ichida himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish bo‘yicha materiallar tayyorlanadi hamda himoya orderining amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnoma rasmiylashtirilgan holda jabrlanuvchining yashash joyidagi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudiga yuboriladi”.
Ushbu nizomning 26 - bandiga ko‘ra, himoya orderining amal qilish muddati uzaytirilgan taqdirda, zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar zo‘ravonlik xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturidan o‘tadi.
Bu davlat tomonidan zo‘ravonlikka qarshi kurash borasida ta’sirchan mexanizm yaratilganini ko‘rsatadi.
Mazkur sa’y-harakatlar natijasida xotin-qizlarning jamiyatdagi roli va ishtiroki kundan-kunga ortib bormoqda. Ularga turli sohalarda o‘zlarinining iste’dod hamda imkoniyatlarini namoyon etmoqda. Bularning barchasi mamlakatimizda gender tengligini ta’minlashga katta e’tibor berilayotganligining yaqqol dalilidir.
 
Xorazm viloyat ma’muriy
sudi sudyasi                                                   Xasanov Umrbek Udamovich

Xorazm viloyati Yuridik Texnikumi

Bog'lanish ma'lumotlari

O'zbekiston Respublikasi, Xorazm viloyati
Urganch tumani, Fayozov ko'chasi, 1-uy

+998 (62) 229-28-35
xoryuridiktexnikum@umail.uz

Dushanba – Juma / 9:00 – 18:00

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Talabalar uchun resurslar

Ommabop xabarlar

Huquqiy targ'ibot
Xorazm viloyati yuridik texnikumida "Kitob mening do‘stim” ko‘rik-tanlovining texnikum bosqichi bo'lib o'tdi
Huquqiy targ'ibot
"IDROK" - INTELLEKTUAL O'YININING TEXNIKUM BOSQICHI!