Qarz shartnomasi.

Qarz shartnomasi.
 
Mamlakatimizda iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish jarayonida shartnomaviy munosabatlarni takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jismoniy yoki yuridik shaxslar o‘zaro munosabatlarini amalga oshirishda belgilangan qonun-qoidalariga rioya qilishlari zarur. 
Ma’lumki, kundalik turmushimiz o‘zaro muloqot va manfaatlar muvozanatiga asoslangan. Ushbu jarayonda kimgadir qarz berish yoki ba’zi hollarda qarz olishga to‘g‘ri keladi. Hozirgi bozor iqtisodiyoti sharoitida olingan mablag‘ni o‘z vaqtida qaytarish va ikki sub’ekt o‘rtasida ishonchning ustuvorligiga erishish muhim ahamiyatga ega. Afsuski, ayrim hollarda fuqarolarimiz o‘z haq-huquqlarini yaxshi anglamaydilar. Oqibatda mulkiy munosabatlarda ayrim tushunmovchiliklar kelib chiqadi.
Mamlakatimiz qonunchiligida bu boradagi munosabatlar qarz shartnomasi bilan tartibga solinadi. 
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 732-moddasiga asosan, qarz shartnomasi bo‘yicha bir taraf (qarz beruvchi) ikkinchi tarafga (qarz oluvchiga) pul yoki turga xos alomatlari bilan belgilangan boshqa ashyolarni mulk qilib beradi, qarz oluvchi esa qarz beruvchiga bir yo‘la yoki bo‘lib-bo‘lib, o‘shancha summadagi pulni yoki qarzga olingan ashyolarning xili, sifati va miqdoriga baravar ashyolarni (qarz summasini) qaytarib berish majburiyatini oladi.   
Qarz shartnomasi pul yoki ashyolar topshirilgan paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi.
Fuqarolik kodeksining 734-moddasiga asosan qarz shartnomasi qarz bo‘yicha olgan mulk (ashyo)ning qaytarilishini nazarda tutadi, qarz summasiga olinadigan foizlar miqdori shartnomada belgilanadi. Agar qonunda yoki qarz shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, qarz beruvchi (yuridik shaxs yoki fuqaro) qarz oluvchidan qarz summasiga shartnomada belgilangan miqdorda va tartibda foizlar olish huquqiga ega bo‘ladi.
Qarz oluvchidan foizlar undirishda sud bir vaqtning o‘zida qarz summasidan davlat foydasiga soliq ushlab qolishi lozim. Shu kodeksning 327-moddasida ko‘rsatilgan pul majburiyatini, shuningdek qarz majburiyatini bajarmaganlik uchun foizlar, qarz shartnomasida belgilangan foizlardan ham ortiq hisoblanishi mumkin.
Qarz shartnomasini tuzishda ma’lum summani qarzga olish haqidagi tilxatda bir vaqtning o‘zida qarzni qaytarishni ta’minlash uchun biron-bir ko‘char yoki ko‘chmas mulkni garovga qo‘yish haqida ko‘rsatilgan hollarda sudlar bunday bitim tuzuvchi taraflarning majburiyatlarni bajarishni ta’minlash masalasini tartibga soluvchi moddiy huquq mezonlariga rioya qilmaganligi nuqtai nazaridan baho berishlari lozim (FK 271-moddasi).
Shu bilan birga, agar qarz majburiyati qarz oluvchi tomonidan berilgan veksel, obligatsiya yoki qarz summasini va qarz beruvchining uni undirib olish huquqini belgilaydigan boshqa qimmatli qog‘oz bilan tasdiqlangan bo‘lsa, qarz shartnomasining yozma shakliga rioya qilingan hisoblanadi.
Agar qarz shartnomasi bo‘yicha qarz oluvchiga turga xos alomatlari bilan belgilangan ashyolar topshirilsa, ularning miqdori va shakli (pul yoki natura holidagi) shartnomada ko‘zda tutilgan hollarda foizlar to‘lanishi kerak.
Foizlar to‘lash tartibi va muddatlari qarz shartnomasi bilan belgilanadi. Agar foizlar to‘lash tartibi va muddatlari shartnomada belgilangan bo‘lmasa, ular asosiy qarzni qaytarish uchun shartnomada nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda to‘lanadi.
Qarz oluvchi olingan qarz summasini qarz shartnomasida nazarda tutilgan muddatda va tartibda qarz beruvchiga qaytarishi shart.
Agar qarz summasini qaytarish muddati shartnomada belgilangan bo‘lmasa, qarz oluvchi uni qarz beruvchi qarzni qaytarish haqida talab qo‘ygan kundan boshlab o‘ttiz kun mobaynida qaytarishi kerak.
Foizsiz qarz summasi qarz oluvchi tomonidan muddatidan oldin qaytarilishi mumkin.
Foiz evaziga berilgan qarz summasi, agar qarz shartnomasida ko‘zda tutilgan bo‘lsa yoki qarz beruvchining roziligi bilan, muddatidan oldin qaytarilishi mumkin.   
Ta’kidlash joizki, yozma shaklda tuzilishi lozim bo‘lgan qarz shartnomasi yuzasidan guvohlarning ko‘rsatmalari yordamida da’volashish mumkin emas, ammo shartnoma  aldash, zo‘rlik ishlatish, bir so‘z bilan aytganda, jinoiy jazoga loyiq xatti-harakatlar qilinganda tuzilsa va shu tufayli taraflarning mulkiy huquqlari buzilgan taqdirda, qarzdor guvohlar yoki boshqa asoslarga tayangan holda da’vo talablarini isbotlashga qaratilgan vaj va hujjatlar bilan o‘zini ximoya qilishga haqli.
Shu bilan birga, qarz oluvchi qarz shartnomasida nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmasa, shuningdek, qarzning ta’minoti qarz beruvchi javobgar bo‘lmagan vaziyatlarda yo‘qotilsa yoki uning shartlari yomonlashsa, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, qarz beruvchi qarz oluvchidan qarz summasini muddatidan oldin qaytarishni va tegishli foizlarni to‘lashni talab qilishga haqli (FKning 738-moddasi).
Bunday da’vo talablari asosan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan qonun asosida hal etiladi. Bu borada amaliyotda fuqarolarning haq-huquqlari izchil ximoya qilinib kelmoqda. 
Xulosa qilib shuni aytish lozimki, fuqarolarimiz ushbu munosabatlarga kirishda, ya’ni qarz berish yoki olishdan avval qonunda belgilangan tartibda qarz shartnomasini tuzib, uni qonun talablariga rioya qilgan holda rasmiylashtirib qo‘ysalar, kelajakda o‘zining huquq va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olishga sabab bo‘ladi. 
 
Fuqarolik ishlari bo‘yicha 
Bog‘ot tumanlararo sudining sudyasi                         S.K.Karimov