Ma’muriy sud ishlarini yuritishda taraflarning kelishuv bitimi tuzish tartibi va asoslari.

Mavzu: Ma’muriy sud ishlarini yuritishda taraflarning kelishuv bitimi tuzish tartibi va asoslari.
 
Ma’lumki “O‘zbekiston Respublikasining 2023 yil 26 aprel kungi “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining samarali himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-833-sonli Qonuni qabul qilindi.
Mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Kodeksga yangi 151-bob kiritilib, beshta modda bilan to‘ldirildi.
Unga ko‘ra, kelishuv bitimi taraflar ma’muriy sud ishlarini yuritishning barcha bosqichlarida va sud hujjatini ijro etish jarayonida nizoni kelishuv bitimini tuzgan holda to‘liq hajmda yoki qisman hal etishi mumkinligi, taraflarning kelishuvi ixtiyoriylik, hamkorlik va teng huquqlilik prinsiplari asosida amalga oshirilishi, taraflarning kelishuviga faqat javobgarda ma’muriy ixtiyoriylik (diskresion vakolat) mavjud bo‘lganda yo‘l qo‘yilishi belgilandi.
Taraflarning kelishuvi faqat ularning nizoli ommaviy huquqiy munosabatlar sub’ekti sifatidagi huquq va majburiyatlariga taalluqli bo‘lishi hamda taraflarning o‘zaro yon berishiga yo‘l qo‘yilgan taqdirda amalga oshirilishi mumkinligi, kelishuv bitimi sud tomonidan tasdiqlanganidan keyin tuzilgan deb hisoblanishi belgilandi.
Shuningdek, ushbu Kodeks 27-moddasi birinchi qismining 1, 3, 4 va 5-bandlarida nazarda tutilgan ishlar bo‘yicha, shuningdek uchinchi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan shartlarni nazarda tutadigan ishlar bo‘yicha kelishuv bitimining tuzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Kelishuv bitimi yozma shaklda tuziladi va uni tuzgan shaxslar tomonidan imzolanadi.
Kelishuv bitimi albatta ijro etilishga oid talablarga javob berishi hamda unda majburiyatlarni bajarishning taraflar tomonidan kelishilgan shartlari, tartibi va muddatlari haqidagi qoidalar, shuningdek sud xarajatlarini taqsimlash to‘g‘risidagi shartlar va qonunga zid bo‘lmagan boshqa shartlar ko‘rsatilishi kerak.
Taraflar tomonidan kelishuv bitimi shartlari bo‘yicha qabul qilingan majburiyatlarning bajarilishi taraflarni bir-biriga yoki boshqa voqealarga (harakatlarga) bog‘liq qilib qo‘yishi mumkin emas.
Kelishuv bitimi sud xarajatlarini taqsimlash to‘g‘risidagi masalaga nisbatan ham tuzilishi mumkin.
Agar kelishuv bitimida sud xarajatlarini taqsimlash to‘g‘risidagi shart mavjud bo‘lmasa, sud bu masalani kelishuv bitimini tasdiqlash chog‘ida, ushbu Kodeksda belgilangan umumiy tartibda hal etadi.
Kelishuv bitimi uni tuzgan shaxslar sonidan bitta nusxa ortiq bo‘lgan nusxalarda tuziladi va imzolanadi. Ushbu nusxalardan biri ish materiallariga qo‘shib qo‘yiladi.
Kelishuv bitimini tuzgan, sud majlisining vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan shaxslar sud majlisiga kelmagan taqdirda, kelishuv bitimini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala sud tomonidan ko‘rib chiqilmaydi.
Sud kelishuv bitimini tasdiqlash to‘g‘risida ajrim chiqaradi, unda ish yuritish to‘liq yoki qisman tugatilganligi ko‘rsatiladi.
Kelishuv bitimi sud hujjatini ijro etish bosqichida tuzilgan taqdirda, bitim ishni ko‘rgan birinchi instansiya sudiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
Ijro bosqichida tuzilgan kelishuv bitimini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala bitim sudga taqdim etilgan kundan e’tiboran o‘n besh kunlik muddatda, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha ko‘rib chiqiladi.
Sud hujjatini ijro etish bosqichida tuzilgan kelishuv bitimini tasdiqlash haqidagi sud ajrimida kelishuv bitimining shartlari va kelishuv bitimini tasdiqlash to‘g‘risidagi xulosa, shuningdek sud hujjatining ijro etilmasligi haqidagi shartlar ko‘rsatilishi kerak.
Kelishuv bitimini tasdiqlash to‘g‘risidagi sud hujjatlari ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin.
Kelishuv bitimini tuzgan shaxslar uni ushbu bitimda nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda ixtiyoriy ravishda bajaradi.
Sud tomonidan tasdiqlangan kelishuv bitimi ushbu bitimda nazarda tutilgan muddatlarda ixtiyoriy ravishda bajarilmagan taqdirda, bitim ushbu Kodeksda nazarda tutilgan qoidalarga ko‘ra bajarilishi lozim.
 
Urganch tumanlararo ma’muriy sudining raisi Ochilov Dilmurod Madaminovich 
 

Xorazm viloyati Yuridik Texnikumi

Bog'lanish ma'lumotlari

O'zbekiston Respublikasi, Xorazm viloyati
Urganch tumani, Fayozov ko'chasi, 1-uy

+998 (62) 229-28-35
xoryuridiktexnikum@umail.uz

Dushanba – Juma / 9:00 – 18:00

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Talabalar uchun resurslar

Ommabop xabarlar

Huquqiy targ'ibot
"IDROK" - INTELLEKTUAL O'YININING TEXNIKUM BOSQICHI!
Xorazm viloyati yuridik texnikumida "Kitob mening do‘stim” ko‘rik-tanlovining texnikum bosqichi bo'lib o'tdi
Huquqiy targ'ibot