Odil sudlovni amalga oshirishdagi islohotlar

Odil sudlovni amalga oshirishdagi islohotlar
 
So‘nggi yillarda «Yangi O‘zbekiston - yangi sud» prinsipi doirasida aholining odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga, insonning qadr-qimmati ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan muhim islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, odil sudlov sifatini oshirish maqsadida 2023 yil
 16 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-11-sonli  Farmoni qabul qilindi.
Mazkur Farmon bilan tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish; viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlarni mazkur sudlarda taftish tartibida qayta ko‘rib chiqish; viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida ko‘rilgan ishlarni Oliy sudning sudlov hay’atlarida taftish tartibida qayta ko‘rib chiqish; yuqori instansiya sudlari tomonidan ishni yangidan ko‘rish uchun quyi sudlarga yuborish tartibini bekor qilish va ularga ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish mas’uliyatini yuklash belgilangan edi.
Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining 2023 yil
 25 dekabrdagi “Sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston  Respublikasining ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi 889-sonli Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga ishlarni ko‘rishning o‘ta markazlashtirilishiga barham berish, fuqarolarning olis hududlardan sudga kelib sarson bo‘lishining oldini olish maqsadida viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlarda ishlar apellyatsiya yoki kassatsiya va taftish tartibida ko‘rilishini, ishlar taftish tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida va alohida hollarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatida ko‘rilishini hamda yuqori instansiya sudlari tomonidan ishlarni yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish tartibi bekor qilinishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Mazkur Qonun fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida nazarda tutilgan sud orqali himoya qilinish va sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlarini yanada oshirishga, ularning buzilgan huquqlari va erkinliklarini, shuningdek qonuniy manfaatlarini kengroq himoya qilishga, odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirishga, ishlarning sifatli va o‘z vaqtida ko‘rilishiga, sud qarorlarini qayta ko‘rishda o‘rta bo‘g‘in - viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlar imkoniyatlaridan samarali foydalanishga, shuningdek fuqarolarning sudlardagi ortiqcha xarajatlari tejalishiga xizmat qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu islohotlar adolatli sud tizimini shakllantirish, xalq manfaati va inson qadr-qimmatini sud yo‘li orqali samarali himoya qilish hamda fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchi oshishini ta’minlaydi.
 
Xorazm viloyat ma’muriy sudining sudyasi
 Yusupov Dilmurod Baxtiyarovich

Xorazm viloyati Yuridik Texnikumi

Bog'lanish ma'lumotlari

O'zbekiston Respublikasi, Xorazm viloyati
Urganch tumani, Fayozov ko'chasi, 1-uy

+998 (62) 229-28-35
xoryuridiktexnikum@umail.uz

Dushanba – Juma / 9:00 – 18:00

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Talabalar uchun resurslar

Ommabop xabarlar

Huquqiy targ'ibot
Xorazm viloyati yuridik texnikumida "Kitob mening do‘stim” ko‘rik-tanlovining texnikum bosqichi bo'lib o'tdi
Huquqiy targ'ibot
"IDROK" - INTELLEKTUAL O'YININING TEXNIKUM BOSQICHI!