Fuqarolik huquqida merosni taqsimlash.

Merosxo‘r o‘ziga tegishi lozim bo‘lgan merosni yoki uning bir qismini (ulushini) olish huquqiga, agar u keyinchalik merosdan voz kechmasa, vorislik huquqidan mahrum etilmasa va uni merosxo‘r etib tayinlash to‘g‘risidagi vasiyat farmoyishi haqiqiy emas deb topilishi natijasida meros olish huquqini yo‘qotmasa, meros ochilgan vaqtdan e’tiboran ega bo‘ladi.
Meros ochilgan joydagi notarius merosxo‘rning iltimosiga ko‘ra unga merosga bo‘lgan huquqi to‘g‘risida guvohnoma berishi shart.
Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma meros ochilgan kundan e’tiboran olti oy o‘tganidan keyin beriladi.
Qonun bo‘yicha meros olinganida ham, vasiyatnoma bo‘yicha meros olinganida ham, agar notarius tegishli mol-mulkka yoxud butun merosga nisbatan guvohnoma berishni so‘rab murojaat etgan shaxslardan boshqa merosxo‘rlar yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘lsa, guvohnoma yuqorida ko‘rsatilgan muddat tugamasidan oldin berilishi mumkin.
Merosxo‘r o‘zining vorislikka chaqirilganini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan kundan boshlab olti oy ichida merosdan voz kechishga haqli. Uzrli sabablar bo‘lgan taqdirda bu muddat sud tomonidan ko‘pi bilan ikki oyga uzaytirilishi mumkin.
Merosdan voz kechish merosxo‘r tomonidan meros ochilgan joydagi notariusga ariza berish orqali amalga oshiriladi.
Agar ishonchnomada vakil orqali merosdan voz kechish vakolati maxsus nazarda tutilgan bo‘lsa, merosdan shu tarzda voz kechilishi mumkin.
Merosdan voz kechish keyinchalik bekor qilinishi yoki qaytarib olinishi mumkin emas.
Merosxo‘r merosdan voz kechish uchun o‘ziga berilgan muddat o‘tganidan keyin bunday huquqni yo‘qotadi. Agar merosxo‘r meros qoldirilgan mol-mulkni egallashga amalda kirishgan yoxud uni tasarruf etgan yoxud o‘zining ana shu mol-mulkka bo‘lgan huquqlarini tasdiqlovchi hujjatlarni olish uchun murojaat etgan bo‘lsa ham, merosdan voz kechish huquqini ko‘rsatilgan muddat o‘tmasidanoq yo‘qotadi.
Agar merosxo‘r vasiyatnoma bo‘yicha ham, qonun bo‘yicha ham vorislikka chaqirilsa, u ana shu asoslarning biri yoki har ikkalasi bo‘yicha o‘ziga tegishli bo‘lgan merosdan voz kechishga haqli.
Merosxo‘r ulushning ortishi huquqi bo‘yicha o‘ziga tegishli bo‘lgan merosdan, merosning qolgan qismiga vorislikdan qat’i nazar, voz kechishga haqli.
Merosxo‘r merosdan voz kechganida vasiyatnoma bo‘yicha yoki qonun bo‘yicha merosxo‘rlar jumlasidan bo‘lmish boshqa shaxslar foydasiga voz kechayotganini ko‘rsatishga haqli.
Ushbu moddada nazarda tutilgan hollardan tashqari merosning muayyan qismidan voz kechilishiga, merosdan izohotlar bilan yoki shartlar qo‘yib voz kechilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchi vasiyat majburiyatidan voz kechishga haqli. Qisman voz kechishga, izohotlar bilan, shartlar qo‘yib yoki boshqa shaxsning foydasiga voz kechishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ushbu moddada nazarda tutilgan huquq ayni bir paytning o‘zida ham merosxo‘r, ham vasiyat majburiyatini qabul qilib oluvchi hisoblangan shaxsning merosdan voz kechish huquqiga bog‘liq bo‘lmaydi.
Agar vasiyat majburiyatini qabul qilib oluvchi ushbu moddada nazarda tutilgan huquqdan foydalangan bo‘lsa, zimmasiga vasiyat majburiyati yuklatilgan merosxo‘r bu majburiyatni bajarishdan ozod bo‘ladi.
Merosni qabul qilib olgan qonun bo‘yicha merosxo‘rlardan istalgan biri merosning taqsimlanishini talab qilishga haqli.
Merosni taqsimlash merosxo‘rlarning kelishuviga ko‘ra o‘zlariga tegishli ulushlarga muvofiq, kelishuvga erishilmagan taqdirda esa, sud tartibida amalga oshiriladi.
Ushbu moddaning qoidalari barcha meros yoki uning bir qismi merosxo‘rlarga ulushlarda muayyan mol-mulk ko‘rsatilmasdan vasiyat qilingan hollarda merosni vasiyatnoma bo‘yicha merosxo‘rlar o‘rtasida taqsimlashga nisbatan qo‘llaniladi.
Agar merosxo‘rlar orasida turgan joyi noma’lum shaxslar bo‘lsa, qolgan merosxo‘rlar, vasiyatnomani ijro etuvchi (meros boshqaruvchisi) va notarius ularning turgan joyini aniqlash hamda ularni vorislikka chaqirish yuzasidan zarur choralarni ko‘rishlari shart.
Agar turgan joyi aniqlanib, meros olishga chaqirilgan-u, lekin hozir bo‘lmagan merosxo‘r ushbu Kodeksning 1147-moddasida nazarda tutilgan muddat ichida merosdan voz kechmagan bo‘lsa, qolgan merosxo‘rlar merosni taqsimlash niyatlari to‘g‘risida uni xabardor qilishlari shart. Agar hozir bo‘lmagan merosxo‘r xabar qilingan paytdan e’tiboran uch oy ichida qolgan merosxo‘rlarni merosni taqsimlash haqidagi kelishuvda ishtirok etish istagi to‘g‘risida xabardor qilmasa, qolgan merosxo‘rlar hozir bo‘lmagan merosxo‘rga tegishli bo‘lgan ulushni ajratib, o‘zaro kelishuvga ko‘ra meros taqsimotini amalga oshirishga haqlidirlar.
Agar hozir bo‘lmagan merosxo‘rning turgan joyi meros ochilgan kundan e’tiboran bir yil mobaynida aniqlanmasa va uning merosdan voz kechishi to‘g‘risida ma’lumotlar bo‘lmasa, qolgan merosxo‘rlar meros taqsimotini ushbu moddaning ikkinchi qismi qoidalari bo‘yicha amalga oshirishga haqlidirlar.
Homila bo‘lgan, biroq hali tug‘ilmagan merosxo‘r bo‘lsa, merosni taqsimlash bunday merosxo‘r tug‘ilganidan keyingina amalga oshirilishi mumkin.
Agar homila holida bo‘lgan, biroq hali tug‘ilmagan merosxo‘r tirik tug‘ilsa, qolgan merosxo‘rlar unga tegishli bo‘lgan meros ulushini ajratgan holdagina merosni taqsimlashni amalga oshirishga haqlidirlar. Meros taqsimotida chaqaloqning manfaatlarini himoya qilish uchun vasiylik va homiylik organining vakili taklif etilishi lozim.
Agar meros tarkibiga kiradigan korxonaning merosni qabul qilib olgan barcha merosxo‘rlari kelishuvida boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, bunday meros natura holida taqsimlanmaydi va merosxo‘rlarga tegishli bo‘lgan ulushlarga muvofiq ularning umumiy ulushli mulkiga aylanadi.
Meros ochilgunga qadar uch yil mobaynida meros qoldiruvchi bilan birgalikda yashagan merosxo‘rlar meros taqsimlanishida meros tarkibidan uy-joy, kvartira yoki boshqa turar joyni, shuningdek uy-joy ashyolari va ro‘zg‘or buyumlarini olishda imtiyozli huquqqa ega bo‘ladilar. Meros qoldiruvchi bilan mol-mulkka nisbatan umumiy mulk huquqiga ega bo‘lgan merosxo‘rlar meros taqsimlanishida meros tarkibidan umumiy mulk bo‘lgan mol-mulkni asl holida olishda imtiyozli huquqqa ega bo‘ladilar.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan imtiyozli huquqlar amalga oshirilganda meros taqsimotida qatnashayotgan boshqa merosxo‘rlarning mulkiy manfaatlariga rioya etilishi lozim. Agar mazkur huquqlarni amalga oshirish natijasida merosni hosil qiluvchi mol-mulk boshqa merosxo‘rlarga tegishli ulushlarni berish uchun yetarli bo‘lmasa, imtiyozli huquqni amalga oshirayotgan merosxo‘r ularga tegishli pul yoki mol-mulk tovonini to‘lashi lozim.
Merosxo‘r merosdan voz kechgan yoxud ushbu Kodeksning 1119-moddasida ko‘rsatilgan holatlar bo‘yicha merosxo‘rlar orasidan chiqib ketgan taqdirda merosning unga tegadigan qismi vorislikka chaqirilgan qonun bo‘yicha merosxo‘rlarga o‘tadi va ular o‘rtasida merosdagi ulushlariga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
Agar meros qoldiruvchi barcha mol-mulkni o‘zi tayinlagan merosxo‘rlarga vasiyat qilgan bo‘lsa, merosning merosdan voz kechgan yoki merosxo‘rlar qatoridan chiqib ketgan merosxo‘rga tegishli bo‘lgan qismi qolgan vasiyatnoma bo‘yicha merosxo‘rlarga o‘tadi va, agar vasiyatnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ular o‘rtasida merosdagi ulushlariga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida bayon etilgan qoidalar: agar voz kechgan yoki merosxo‘rlar qatoridan chiqib ketgan merosxo‘r o‘rniga boshqa merosxo‘r tayinlangan; merosxo‘r merosdan muayyan shaxs foydasiga voz kechgan; qonun bo‘yicha vorislikda merosxo‘rning voz kechishi yoki merosxo‘rlar qatoridan chiqib ketishi vorislikka keyingi navbatdagi merosxo‘rlarni chaqirishga sabab bo‘lgan hollarda qo‘llanilmaydi.
Meros vorislar o‘rtasida taqsimlanishidan oldin meros qoldiruvchining vafoti oldidan xastaligi tufayli qilingan zarur xarajatlar, meros qoldiruvchini dafn etish xarajatlari, merosni egallash, muhofaza qilish, boshqarish va vasiyatnomani ijro etish, shuningdek vasiyatnomani ijro etuvchi yoki merosni boshqaruvchiga haq to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash to‘g‘risidagi talablar meros hisobidan qondirilishi lozim. Bu talablar meros qiymati hisobidan boshqa barcha talablardan, shu jumladan ipoteka yoki boshqa garov bilan ta’minlangan talablardan oldin imtiyozli ravishda qondirilishi lozim.
Meros qoldiruvchining kreditorlari vasiyatnomani ijro etuvchiga (merosni boshqaruvchiga) yoki merosxo‘rlarga meros qoldiruvchining majburiyatlaridan kelib chiqadigan o‘z talablarini qo‘yishga haqlidirlar. Bu holda merosxo‘rlarning har biri o‘ziga tekkan mol-mulkning qiymati doirasida solidar qarzdorlar sifatida javobgar bo‘ladilar.
Agar qonun bo‘yicha ham, vasiyatnoma bo‘yicha ham merosxo‘rlar bo‘lmasa yoxud merosxo‘rlardan hech qaysisi vorislik huquqiga ega bo‘lmasa yoxud ularning hammasi merosdan voz kechgan bo‘lsa, meros mol-mulk egasiz deb hisoblanadi.
Meros mol-mulk meros ochilgan joydagi mahalliy davlat hokimiyati organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining arizasi bo‘yicha meros ochilgan kundan e’tiboran bir yil o‘tganidan keyin sudning qarori asosida egasiz deb topiladi. Meros mol-mulk, agar uni qo‘riqlash va boshqarish bilan bog‘liq xarajatlar uning qiymatidan oshib ketsa, ko‘rsatilgan muddat o‘tishidan oldin egasiz deb topilishi mumkin.
Egasiz mol-mulk u turgan joydagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mulkiga o‘tadi, bu organ mol-mulkdan voz kechgan taqdirda, davlat mulkiga o‘tadi.
 
 
Elyor Ro‘zimov, Xorazm viloyat sudining sudyasi 

Xorazm viloyati Yuridik Texnikumi

Bog'lanish ma'lumotlari

O'zbekiston Respublikasi, Xorazm viloyati
Urganch tumani, Fayozov ko'chasi, 1-uy

+998 (62) 229-28-35
xoryuridiktexnikum@umail.uz

Dushanba – Juma / 9:00 – 18:00

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Talabalar uchun resurslar

Ommabop xabarlar

Huquqiy targ'ibot
Xorazm viloyati yuridik texnikumida "Kitob mening do‘stim” ko‘rik-tanlovining texnikum bosqichi bo'lib o'tdi
Huquqiy targ'ibot
"IDROK" - INTELLEKTUAL O'YININING TEXNIKUM BOSQICHI!