Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilish - ma’muriy sudlarning birinchi navbatdagi vazifasi

So‘nggi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini kafolatli himoya qilish hamda ularga erkin faoliyat yuritishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Natijada yurtimizda tadbirkorlar safi yildan-yilga kengaymoqda. Eng muhimi, tadbirkorlar tomonidan amalga oshirilayotgan ezgu ishlar jamiyatimiz taraqqiyotiga o‘zining munosib his­sasini qo‘shmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda “20 avgust kuni” tadbirkorlar kuni sifatida belgilandi va har yili shu kuni davlat rahbari tadbirkorlar bilan bevosita muloqot o‘tkazib, ularning muammolari, hal etish yo‘llari, mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha taklif va tashabbuslar muhokama qilinadi. Eng muhimi, tadbirkorlar oldida turgan muammolarni hal etishning muhim yo‘nalishlari belgilab olinadi.
Bulardan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining 2022 yil 21 yanvardagi “Respublika sudlarining 2021 yilda odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyati yakunlari va kelgusidagi vazifalari hamda 2021 yilda sud hokimiyati organlarini moliyaviy, moddiy-texnik ta’minlash borasida amalga oshirgan ishlari to‘g‘risida”gi RS-01-22-sonli qarorining 20-bandiga asosan haftaning har juma kuni “Tadbirkorlar kuni” deb belgilab qo‘yildi.
Ma’muriy sudlarning birinchi navbatdagi vazifasi fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining davlat organlari bilan munosabatlarida qonun ustuvorligini ta’minlash bilan bir qatorda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishdan iboratdir.
Xorazm viloyat ma’muriy sudlari tomonidan 2024 yilning 3 oyi davomida 14 nafar tadbirkorlik sub’ektlarining buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilindi.
Xususan, arizachi “XORAZM METAN LYUKS GAZ” MChJning javobgar Urganch shahar soliq inspeksiyasining 2023 yil 12 apreldagi 20/1-07199-sonli qarorini qisman haqiqiy emas deb topish haqidagi arizasi Urganch tumanlararo ma’muriy sudining 2024 yil 15 martdagi hal qiluv qarori bilan qanoatlantirilib, adolat mezoni hayotiy haqiqat ekanligi yana bir bor o‘z isbotini topdi.
Bir so‘z bilan aytganda, qonunga muvofiq to‘g‘ri va halol ishlayotgan tadbirkorlar sud tomonidan himoya qilinmoqda.
Ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda tadbirkorlik muhitini yaratish, tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini qonun yo‘li bilan himoya qilib, davlat tomonidan kafolatlanishi – jamiyat va davlat rivoji, xalqimizning osoyishta va farovon turmush-tarzi kechirishiga zamin yaratadi.
Xulosa qilib aytganda, halol tadbirkorlar mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada yuksaltirish, zamonaviy va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash, mamlakatimizni iqtisodiy rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shilishiga xizmat qiladi.
 
Xorazm viloyat ma’muriy
sudining sudyasi                                                                                                   D.Yusupov