SUDLAR ISLOHOTNING YaNGI BOSQIChIDA
Sud hokimiyatining asosiy vazifasi - fuqarolarning huquq va erkinliklarini, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qonunlarni va boshqa normativ hujjatlarni ijro qilish yoki qo‘llashda qonuniylik hamda adolatni ta’minlashdan iborat.
Shu munosabat bilan mamlakatimizda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash, shuningdek odil sudlovga erishish darajasini oshirish, sud-huquq tizimini yanada isloh qilish sohasida davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi.
2017–2022 yillarda bu yo‘nalishdagi ustuvor masalalar yuzasidan 50dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Sud tizimiga oid normativ-huquqiy hujjatlar islohotlarga mos ravishda yangilandi, jumladan 3 ta yangi protsessual kodekslar: O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi, Fuqarolik protsessual kodeksi qabul qilindi, qolganlariga jiddiy o‘zgartirishlar kiritildi, yangi “Sudlar to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi. Ular asosida sud tizimi tubdan takomillashtirildi.
O‘tgan 2023 yil ham sud-huquq tizimidagi islohotlar bilan esda qolarli bo‘ldi. 2023 yil 16 yanvarda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi va “Odil sudlov faoliyatini amalga oshirishni samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonlarida sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudlar faoliyati samaradorligi va odil sudlov sifatini oshirishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar belgilandi.
Bugungi sud tizimida “Yangi O‘zbekiston – yangi sud” tamoyili doirasida qilinayotgan islohotlarga asos hisoblangan "O‘zbekiston 2030 strategiyasi"ning to‘rtinchi bo‘limi qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimidagi islohotlar, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish sohasidagi strategik vazifalarni nazarda tutadi. Unga muvofiq, sud hokimiyatining haqiqiy mustaqilligini ta’minlash, sudlar faoliyati samaradorligi va odil sudlov sifatini oshirish maqsadida 2023-2026 yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha harakatlar dasturi tasdiqlandi. O‘zbekiston Respublikasining 869, 884, 887, 888 va 889-sonli qonunlariga asosan sudlar faoliyatiga oid protsessual kodekslarning bariga tegishli tartibda o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi, shu yuzadan alohida qonun hujjati qabul qilindi. Bu hujjatlar 2024 yil boshidan kuchga kirdi. Endilikda sud ishlarini qayta ko‘rishning markazlashtirilishiga chek qo‘yildi. Ishlarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va unga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibida ko‘rish bosqichlari joriy etildi. Shuningdek, yuqori instansiya sudlari tomonidan birinchi instansiya sudlarining bekor bo‘lgan qarorlarini yangidan ko‘rish uchun qayta yuborish tartibi chiqarib tashlandi. Har bir sud instansiyasida ish bo‘yicha oxirgi qaror chiqarilishi mumkin. Endilikda, 2024 yil 1 yanvardan boshlab sudlar tomonidan birinchi instansiya sudida ko‘rilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlarni mazkur sudlarda taftish tartibida qayta ko‘rib chiqish amaliyoti joriy qilindi. Bularning bari sud qarorlarining qonuniyligi asosliligini tekshirish mexanizmlari yanada takomillashtirilganini ifoda etmoqda.
Qonun asosida sud qarorlari ustidan kassatsiya va taftish tartibida shikoyat qilish muddatlariga o‘zgartish kiritildi. Xususan, kassatsiya shikoyati (protesti) birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab olti oy ichida, taftish tartibidagi shikoyat (protest) esa, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab bir yil ichida beriladigan bo‘ldi.
Taftish tartibidagi shikoyat (protest) berish muddati quyi instansiya sudlari tomonidan ishni ko‘rish natijalari bo‘yicha qaror qabul qilinguniga qadar o‘tgan bo‘lsa, shikoyat (protest) ushbu sudlar tomonidan ishni ko‘rish natijalari bo‘yicha qaror qabul qilingan kundan boshlab uch oy ichida berilishi mumkin, ya’ni, yana qo‘shimcha uch oylik muddat berilishi nazarda tutilgan. Oliy sud Rayosatiga Oliy sud raisining, Bosh prokurorning protesti tegishli shaxslarning murojaati kelib tushgan kundan boshlab uch oy ichida, biroq, sudlov hay’ati tomonidan ishni taftish tartibida ko‘rish natijalari bo‘yicha qaror qabul qilingan kundan boshlab olti oydan kechiktirmay kiritilishi mumkin. Sud qarorlari ustidan apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibidagi shikoyat (protest) berishning o‘tkazib yuborilgan muddati shikoyat (protest) bergan shaxsning iltimosnomasi bo‘yicha, agar, iltimosnoma shikoyatni (protestni) berish muddati o‘tgan kundan boshlab uch oydan kechiktirmay berilgan va shikoyat (protest) berish muddati o‘tkazib yuborilishining sabablari sudya (sud) tomonidan uzrli deb topilgan bo‘lsa, tiklanishi mumkin.
Ishni apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish tartibida ko‘rgan sudning qarori qabul qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur qonunlarga muvofiq sud qarorlari ustidan shikoyat berishning yangi tartiblarining sud amaliyotida qo‘llanilishi bo‘yicha tushuntirish berishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining 2024 yil 25 iyunda qabul qilgan 18, 19, 20, 21 va 22-sonli qarorlari o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra alohida muhim ahamiyat kasb etdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Sudlar tomonidan ishlarni taftish tartibida ko‘rishning ayrim masalalariga bag‘ishlangan ushbu hujjatlarda tizimdagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, "O‘zbekiston 2030 strategiyasi" da belgilangan muhim vazifalarni izchil va to‘la-to‘kis bajarishning aniq yo‘l-yo‘riqlari, tartib-taomillari belgilab berildi. Mazkur hujjatlarning alohida ibratli jihatini yurtimizda kechayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy jarayonlarning yangi tahrirdagi mamlakat Konstitutsiyasi tamoyillariga to‘la mos va hamohangligida ko‘ramiz. Unga ko‘ra, Yangi O‘zbekistonni barpo etishning qomusiy asoslari amaliy sa’y-harakatlar jarayonida mustahkamlanayotganini idrok etish qiyin emas.
Sudlar faoliyatiga oid qonunchilikka kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar hamda mamlakat Oliy Sudi Plenumining yuqorida zikr etilgan qarorlarida bu boradagi protsessual me’yorlar aniq-ravshan belgilab berildi. Belgilanishicha, dastlabki bosqich sudlarida apellyatsiya, kassatsiya tartibda ko‘rilgan ishlar bo‘yicha ishda ishtirok etuvchi shaxslar, ayni paytda unga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida sud hal qiluv qarori qabul qilgan shaxslar; jismoniy va yuridik shaxslarni huquqiy himoyalash bilan shug‘ullanuvchi idora va tashkilotlar (Ularning nomi amaldagi qonun hujjatlari va Plenum qarorlarida aniq ko‘rsatib berilgan) Respublika Bosh prokurori va uning o‘rinbosarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlari va ularning o‘rinbosarlari taftishtartibida shikoyat berishgahaqli.
Taftish tartibidagi shikoyat (protest) dastlabki bosqich sudlari(shahar, tuman, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar) tarafidan ko‘rilgan ishlar tegishli tartibda yuqori turuvchi sudlarning sudlov hay’ati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining jinoyat, ma’muriy, fuqarolik va iqtisodiy ishlarni ko‘ruvchi hay’ati tomonidan taftish tartibida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha chiqarilgan sud hujjatlari, shuningdek taftish tartibida qabul qilingan sud hujjatlari ustidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori tomonidan protest keltirilganda -ish O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosati tomonidan ko‘riladi.
Taftish tartibidagi shikoyat (protest) ishni shu asosda ko‘radigan Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari nomiga yo‘llanadi, biroq hal qiluv qarorini qabul qilgan sudga beriladi.
Sudlovga taalluqli qonunchilik hujjatlarida ishni taftish bosqichida qarab chiqishning boshqa va barcha tartib-taomillari mufassal aks etgan va buning uchun ushbu hujjatlarning mazmun-mohiyatini o‘rganish hamda bekamu-ko‘st amal qilishning o‘zi kifoya. Bu boradagi ezgu maqsadlarni to‘la-to‘kis amalga oshirishda ta’sirchan targ‘ibot-tashviqotning o‘rni va roli ancha katta ekanligini alohida ta’kidlamoq darkor. Shu boisdan ham sudlar tashabbusiga asosan butun viloyatimiz bo‘ylab maxsus targ‘ibot-tashviqot tadbirlari: o‘quvlar, seminar-treninglar, ma’rifiy suhbatlar, yakka va ommaviy tartibdagi yuzma-yuz muloqotlarga alohida o‘rin ajratilayotir. Birgina keyingi uch oyning o‘zida bir qancha ma’rifiy tadbirlar amalga oshirildi. Mavjud sud idoralari tarafidan viloyatning barcha shahar va qishloqlari, mahallalari, o‘quv va mehnat jamoalari, tadbirkorlik sub’ektlari bo‘ylab o‘tkazilayotgan an’anaviy yuzma-yuz muloqotlar, shaxsiy va ommaviy qabullar bu singari ma’rifiy tadbirlar uchun jarangdor minbarga aylandi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Bu kabi sa’y-harakatlar barobarinda sud hokimiyati Prezidentimiz ta’biridagi chinakam tarbiya maskani, haqiqiy "Adolat qo‘rg‘oni"ga aylandi. “Yangi O‘zbekiston yangi sud” tamoyili hayotga chuqur ildiz otayapti. Ayni kezda tashlanayotgan qadamlar davlatimiz rahbari o‘rtaga tashlagan bu kabi g‘oyalarning hayotiyligi va haqqoniyligini yaqqol tasdiqlayapti, tizimli islohotlarni amalga oshirishning yangidan-yangi imkonlari yuzaga kelayapti. Fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlarining buzilgan huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida belgilangan tartibda himoya qilish hamda o‘z vaqtida tiklash, sudyalarning ish hajmi hamda yuklamasini mutanosib tarzda belgilash, sud qarorlarini qayta ko‘rishda o‘rta bo‘g‘in viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlar imkoniyatlaridan samarali foydalanish maqsadida sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti tubdan takomillashtirilayapti.
Zafar Sultanov, Xorazmviloyat sudining sudyasi.
Bog'lanish ma'lumotlari
O'zbekiston Respublikasi, Xorazm viloyati
Urganch tumani, Fayozov ko'chasi, 1-uy
+998 (62) 229-28-35
xoryuridiktexnikum@umail.uz
Dushanba – Juma / 9:00 – 18:00