O‘zbekiston Respublikasining 2025 yil 9 iyundagi “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan o‘zbekiston respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sudlar faoliyatining hamda fuqarolar huquq va erkinliklarining kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-1067-sonli qonunining mazmun-mohiyati
Keyingi yillarda mamlakatimizda sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlashga, sud ishlari yuritilishini takomillashtirishga, shuningdek fuqarolarning va tadbirkorlik faoliyati sub’ektlarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilgan.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga hamda uning vakolatlariga taalluqli yangi normalar belgilanganligi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi faoliyatini yagona yondashuv asosida isloh qilish zarurligini taqozo etayapti. Ushbu Qonun bilan “Sudlar to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari normalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqlashtirilayapti.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin. Hech kim o‘ziga hamda yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas. Agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas. Shuningdek, shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi belgilangan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi JPKning 23-moddasi ikkinchi va uchinchi qismlari quyidagi mazmundagi ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi qismlar bilan almashtirilgan, jumladan:
“Aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerak. Shuningdek qonun qo‘llanilayotganda kelib chiqadigan shubhalar ham gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerak.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin.
Agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas”;
- 24-moddaning birinchi qismi “Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchi himoyalanish huquqiga ega” degan so‘zlardan keyin “bo‘lib, ularga o‘zini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlar ta’minlanadi” degan so‘zlar bilan to‘ldirilgan;
- 66-moddaning birinchi qismidagi “o‘ziga qarshi ko‘rsatuv bermaslik” degan so‘zlar “o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi ko‘rsatuv bermaslik” degan so‘zlar bilan almashtirilgan.
Ushbu Qonun yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining so‘zsiz va to‘liq amalga oshirilishini, odil sudlovni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlashga hamda davlat organlarining faoliyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yo‘lga qo‘yishga xizmat.
Urganch tumanlararo
ma’muriy sudi sudyasi
J.R.Pirjonov
Bog'lanish ma'lumotlari
O'zbekiston Respublikasi, Xorazm viloyati
Urganch tumani, Fayozov ko'chasi, 1-uy
+998 (62) 229-28-35
xoryuridiktexnikum@umail.uz
Dushanba – Juma / 9:00 – 18:00