Sud-huquq sohasidagi qonunchilikka kiritilgan so‘ngi o‘zgartirish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati

Bugungi kunda mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash hamda fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar sud tizimining mustaqilligini ta’minlash, uning ochiqligi va shaffofligini oshirish, korrupsiyaning oldini olish hamda zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etishga qaratilgan. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2026-yilning korrupsiyaga qarshi kurashda “favqulodda holat” yili deb e’lon qilinishi mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashning yangi bosqichi boshlanganini anglatadi. Ushbu siyosatning mantiqiy davomi sifatida 2026-yil 8-iyunda Prezidentimizning “Sudlarda komplayens nazorat tizimi samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–106-son Farmoni qabul qilindi. Mazkur Farmon sud tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va bartaraf etish, zamonaviy komplayens nazorat tizimini joriy etish hamda sud hokimiyatining nufuzi va fuqarolarning sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashni nazarda tutadi. Hujjatda aholining sud himoyasiga bo‘lgan konstitutsiyaviy kafolatlarini kuchaytirish, sud apparati faoliyatida halollik va shaffoflik tamoyillarini qaror toptirish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
Farmonning eng muhim yangiliklaridan biri Oliy sud apparatida Oliy sud raisiga bevosita bo‘ysunuvchi Komplayens nazorat xizmatining tashkil etilishidir. Mazkur xizmat sud apparati faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash, korrupsiyani yuzaga keltiruvchi omillarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, sud apparati xodimlarining kasb etikasi hamda qonunchilik talablariga rioya etishini muntazam monitoring qilish, sud tizimi obro‘siga putur yetkazuvchi holatlarning oldini olish hamda ishga qabul qilish jarayonlarida shaffoflik va xolislikni ta’minlash kabi muhim vazifalarni amalga oshiradi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va Harbiy sud tizimida komplayens nazorati bo‘yicha alohida inspektor lavozimlari joriy etilishi belgilangan. Ushbu xodimlarning bevosita Oliy sud raisi tomonidan tayinlanishi hamda ularga mustaqil faoliyat yuritish uchun zarur huquqiy, moddiy va ijtimoiy kafolatlarning yaratilishi komplayens nazorati tizimining samaradorligini ta’minlashga xizmat qiladi. Farmonda sud apparati kadrlarini tanlash va ishga qabul qilish tizimini tubdan takomillashtirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, “vacancy.sud.uz” portali hamda “SudHR” elektron platformasi ishga tushirilishi orqali vakant lavozimlarni e’lon qilish, nomzodlarni saralash va ishga qabul qilish jarayonlari to‘liq raqamlashtiriladi. Bu esa inson omilini kamaytirish, tanlovlarning ochiq va shaffof o‘tishini ta’minlash hamda meritokratiya tamoyillarini amaliyotga to‘liq joriy etishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir etgan shaxslarni sud apparatiga ishga qabul qilmaslik, noqonuniy xatti-harakatlari sababli davlat organlaridan bo‘shatilgan shaxslarni uch yil davomida ishga qabul qilmaslik, sud apparati xodimlarining boshqa haq to‘lanadigan faoliyat bilan shug‘ullanishini cheklash, tadbirkorlik subyektlarini boshqarishda ishtirok etishini taqiqlash, siyosiy manfaatlar yo‘lida xizmat vakolatlaridan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik hamda xorijiy bank hisobvaraqlari va ayrim mol-mulklarga egalik qilish bilan bog‘liq cheklovlarning joriy etilishi manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga va xodimlarning halolligini ta’minlashga qaratilgan.
Mazkur Farmonda korrupsiyaga qarshi kurashishda xalqaro tajribani joriy etishga ham alohida e’tibor berilgan. Jumladan, Odil sudlov akademiyasida ISO 37001 “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimi” xalqaro standartini joriy etish nazarda tutilgan. Ushbu standart korrupsiyaviy xavflarni baholash, ichki nazorat tizimini rivojlantirish, moliyaviy va nomoliyaviy monitoringni takomillashtirish, korrupsiya haqida xabar berish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish hamda ichki audit tizimini kuchaytirish kabi zamonaviy talablarni o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, sudyalar va sud apparati xodimlarining har uch yilda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha malaka oshirish kurslarini o‘tashi ham belgilangan. Sudyalikka nomzodlarni tayyorlash jarayonida esa ularning kasbiy salohiyati bilan bir qatorda korrupsiyaga qarshi barqarorligi ham baholanadigan tizim joriy etiladi.
Farmonda sud tizimini raqamlashtirish orqali inson omilini kamaytirish masalasiga ham katta ahamiyat berilgan. Xususan, sud ishlarini avtomatik taqsimlash tizimi yanada takomillashtiriladi, ishlarni bir sudyadan boshqasiga asossiz ravishda o‘tkazish imkoniyatlari bartaraf etiladi hamda 2027-yil 1-martga qadar korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan vazifa va funksiyalar bosqichma-bosqich raqamlashtiriladi. Bu esa sud ishlarining xolis, adolatli va shaffof ko‘rib chiqilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, Prezidentimizning PF–106-son Farmoni sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi. Ushbu hujjat sud tizimida komplayens nazoratini kuchaytirish, korrupsiyaning oldini olish, kadrlar siyosatini takomillashtirish, xalqaro standartlarni joriy etish va raqamli texnologiyalarni keng qo‘llash orqali odil sudlov sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Eng muhimi, mazkur islohotlar sud hokimiyatining mustaqilligi va nufuzini mustahkamlash, fuqarolarning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini oshirish hamda mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlashning muhim huquqiy asosini yaratadi.
 
Xorazm viloyat ma’muriy sudining 
sudyasi S.Allabergenov

Xorazm viloyati Yuridik Texnikumi

Bog'lanish ma'lumotlari

O'zbekiston Respublikasi, Xorazm viloyati
Urganch tumani, Fayozov ko'chasi, 1-uy

+998 (62) 229-28-35
xoryuridiktexnikum@umail.uz

Dushanba – Juma / 9:00 – 18:00

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Talabalar uchun resurslar

Ommabop xabarlar

Sud-huquq sohasidagi qonunchilikka kiritilgan so‘ngi o‘zgartirish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati