«Odil sudlov — 2030»: inson huquqlarini ishonchli himoya qiladigan adolatli sud tizimi sari

Huquqiy davlatning eng muhim mezonlaridan biri - inson huquq va erkinliklarining qay darajada ishonchli himoya qilinayotganidir. Fuqaro o'z huquqiga sudga murojaat qilishi, sud esa uning murojaatini xolis, adolatli va doimiy muddatlarda ko'rib chiqishi jamiyatda qonun ustuvorligini ta'minlashning muhim sharti. Shu ma'noda O'zbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq jarayonlari sud tomonidan ta'minlash bilan inson qadri, huquq va erkinliklarini amalda ta'minlashga qo'shilishi bilan ahamiyat kasb etadi. Strategiyada sud tizimini rivojlantirishning oltita ustuvor yo‘nalishi belgilangan. Ular «Xalqchil sud», «Adolat qo‘rg‘oni», «Kafolatlangan adolat», «Adolat posbonlari», «Raqamli odil sudlov» va «Xalqaro e’tirof» tamoyillarini qamrab oladi. «Xalqchil sud» g‘oyasi sudni aholiga yanada yaqinlashtirish, faoliyat shaffofligini oshirish va ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga xizmat qiladi. «Adolat qo‘rg‘oni» sudyalar mustaqilligini kuchaytirishni, «Kafolatlangan adolat» esa sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va sifatini ta’minlashni ko‘zda tutadi. Yuksak professional sudyalar korpusini shakllantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni qo‘llash esa strategiyaning boshqa muhim yo‘nalishlaridir.
Hujjatning yana bir muhim jihati — unda belgilangan maqsadlarni amalga oshirishning aniq mexanizmlari mavjudligidir. 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar dasturida 160 ta chora-tadbir belgilangan bo‘lib, ular islohotlarning amaliy mexanizmlarini belgilaydi. Shuningdek, 33 ta asosiy indikator orqali strategiya natijadorligini baholash imkoniyati yaratiladi. Bu yondashuv islohotlarning samarasini faqat amalga oshirilgan ishlar soni bilan emas, balki sudlarga ishonch, qarorlar sifati, murojaat qilish qulayligi va inson huquqlarining qay darajada ta’minlanayotgani bilan baholash imkonini beradi.
Strategiyadagi eng muhim tashkiliy yangiliklardan biri — 2027 yil 1 iyuldan boshlab umumyurisdiksiya va ma’muriy sudlar yo‘nalishida hududlararo sudlarni tashkil etishdir. Ushbu sudlarga taftish tartibida ishlarni qayta ko‘rib chiqish vakolatining berilishi sud qarorlarini qayta baholashda xolislikni kuchaytiradi. Ayniqsa, quyi sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqishda «o‘z qarorini o‘zi ko‘rish» amaliyotiga chek qo‘yilishi muhim. Yangi tizim qarorlarni qayta baholashda mustaqillik va institutsional xolislikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Hududlararo sudlarning tashkil etilishi fuqarolarning adolat izlab poytaxtga borish zaruratini ham kamaytiradi. Ishlarni qayta ko‘rib chiqish vakolatiga ega sudlarni hududlarga yaqinlashtirish aholi uchun vaqt va mablag‘ni tejaydi. 2030 yilga qadar zaruratdan kelib chiqib, qariyb barcha tuman va shaharlarda fuqarolik sudlari faoliyatini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish rejasi ham sudni xalqqa yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi.
Inson huquqlarini himoya qilish nuqtai nazaridan strategiyaning jinoyat protsessida sud nazoratini kuchaytirishga qaratilgan qoidalari alohida ahamiyatga ega. Shaxsga nisbatan protsessual majburlov choralarini qo‘llashda «asosli gumon» standartining joriy etilishi inson erkinligini asossiz cheklashning oldini olishga qaratilgan. Ya’ni shaxsning huquqlarini cheklash shunchaki taxmin yoki yuzaki gumonlarga emas, balki yetarli darajada asoslangan dalillarga tayanishi lozim.
Tergov sudyalari vakolatlarining kengaytirilishi ham muhim yangilikdir. Tergov organlari taqdim etgan materiallar yetarli bo‘lmagan hollarda sudyaning qo‘shimcha hujjat va dalillarni talab qilish imkoniyati sud nazoratini yanada kuchaytiradi. Shu bilan birga, shaxsiy hayot daxlsizligi, telefon so‘zlashuvlarini eshitish kabi inson huquqlarini cheklovchi maxsus tadbirlar ustidan sud nazoratini kuchaytirish fuqaroni davlatning asossiz aralashuvidan himoya qilishga xizmat qiladi.
Sudga murojaat qilish tartibini soddalashtirish ham strategiyaning muhim qismi hisoblanadi. «Yagona darcha» tamoyili asosida aholi va tadbirkorlar uchun sudga murojaat qilish jarayoni yengillashtiriladi. Agar ariza noto‘g‘ri sudga berilgan bo‘lsa, uni shunchaki qaytarish o‘rniga tegishli sudga yuborish mexanizmi joriy etiladi. Da’vo arizasidagi texnik yoki shakliy kamchiliklar tufayli murojaatni qaytarish o‘rniga, ularni sudning faol ko‘magi bilan bartaraf etish imkoniyati yaratiladi. Bu, ayniqsa, huquqiy bilim va imkoniyatlari cheklangan fuqarolar uchun muhimdir.
Raqamlashtirish jarayoni ham sud tizimining ochiqligi va qulayligini oshiradi. Elektron murojaatlar, sud hujjatlaridan foydalanish, sud qarorlarini jamoatchilikka e’lon qilish, sud amaliyotini bir xillashtirish va pretsedentlar reestrini yuritish huquqiy aniqlikni kuchaytiradi. Iqtisodiy nizolarda proaktiv boshqaruv standartining joriy etilishi esa tadbirkorlarning ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflashining oldini olishga xizmat qiladi. Bunda sudya jarayonni samarali tashkil etib, nizoning tez va sifatli hal etilishiga ko‘maklashadi.
2028 yil 1 yanvardan sud ma’murchiligi institutining joriy etilishi sudyalar mustaqilligini kuchaytirishga xizmat qiladi. Sudyaning asosiy vazifasi — odil sudlovni amalga oshirish. Shuning uchun bino ta’miri, xo‘jalik ishlari, moddiy-texnik ta’minot kabi ma’muriy vazifalarni alohida Sud ma’muriyati zimmasiga yuklash sudyalarni ortiqcha tashkiliy yuklamadan xalos etadi va ularning asosiy kasbiy faoliyatiga e’tibor qaratish imkonini beradi.
Islohotlar natijadorligini baholash uchun «Odil sudlov indeksi»ni joriy etish ham muhim qadamdir. U orqali sudlar faoliyati, fuqarolarning sudlarga ishonchi, qarorlarning sifati va qonuniyligi kabi ko‘rsatkichlar aniq mezonlar asosida baholanadi. Bu tizim muammolarni raqamlar orqali aniqlash va ularni bartaraf etish choralarini belgilash imkonini beradi.
Xulosa qilib aytganda, «Odil sudlov — 2030» strategiyasi sud tizimini oddiy tashkiliy jihatdan yangilashdan ko‘ra kengroq maqsadni — inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qiladigan adolatli sud tizimini barpo etishni ko‘zda tutadi. Hududlararo sudlar, «asosli gumon» standarti, kuchaytirilgan sud nazorati, «yagona darcha» tamoyili, raqamlashtirish, sud ma’murchiligi va «Odil sudlov indeksi» kabi mexanizmlar bir maqsadga xizmat qiladi: inson uchun ochiq, qulay, mustaqil va ishonchli sudni shakllantirish. Zero, adolatli sud — faqat huquq tizimining bir bo‘g‘ini emas, balki jamiyatda qonun ustuvorligi, davlatga ishonch va inson qadrini ta’minlaydigan eng muhim institutlardan biridir.
 
Xorazm viloyat ma’muriy sudi sudyasi  Choriyev Dilshod Shavkatovich

Xorazm viloyati Yuridik Texnikumi

Bog'lanish ma'lumotlari

O'zbekiston Respublikasi, Xorazm viloyati
Urganch tumani, Fayozov ko'chasi, 1-uy

+998 (62) 229-28-35
xoryuridiktexnikum@umail.uz

Dushanba – Juma / 9:00 – 18:00

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Talabalar uchun resurslar

Ommabop xabarlar

«Odil sudlov — 2030»: inson huquqlarini ishonchli himoya qiladigan adolatli sud tizimi sari