Sudyaning daxlsizligi – sud mustaqilligining kafolati

Sudyaning daxlsizligi – sud mustaqilligining kafolati
 
Bugungi kunda sud tizimi mustaqilligini ta’minlash hamda sudyalarning daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad shak shubhasiz fuqarolarni sudya va sud tizimiga bo‘lgan ishonchini yanada yuksaltirishdan iborat. 
Sudyalar mustaqilligining asosiy kafolatlaridan biri Konstitutsiyamizning 112-moddasi 2-bandida belgilanganidek, ularning daxlsizligi hisoblanadi. 
Sudyalarning daxlsizligi instituti, avvalambor, sudyalarning shaxsi daxlsiz ekanligini, har qanday holatda ham unga bo‘lgan tajovuzlardan saqlanish sharoitlarini o‘zida ifodalaydi.
Huquqshunos nazariyotchilarning fikriga ko‘ra, sudyaning daxlsizligi – bu sud tizimida korrupsiyasiz, tashqi ta’sirlardan holi va eng asosiysi adolatli muhit yaratilishining kafolati hisoblanadi. Haqiqatdan ham, agarda sudya daxlsiz bo‘lmasa, uning ish faoliyati hamda shaxsiy hayotiga turli aralashuvlar bo‘ladigan bo‘lsa, u holda odil sudlovni amalga oshirishning imkoni bo‘lmaydi. 
Sudyalarning daxlsizligi masalasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidan tashqari, “Sudlar to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Qonunlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining ayrim Kodekslari hamda sohaga tegishli bo‘lgan boshqa qonun va qonunosti hujjatlaridagi normalar bilan kafolatlangan.
Jumladan, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 70-moddasida sudyalarning daxlsizligi masalasi yoritilgan bo‘lib, unga muvofiq, sudyaning shaxsi daxlsiz bo‘lib, sudyaning daxlsizligi uning turar joyiga, xizmat xonasiga, foydalanadigan transporti va aloqa vositalariga, xat-xabarlariga, unga tegishli ashyolar va hujjatlarga taalluqlidir. Sudyaga nisbatan jinoyat ishi faqat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin. Sudya O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining xulosasi olinmasdan va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, qamoqqa olinishi hamda Sudyalar oliy kengashining xulosasi olinmasdan ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, sudyaning turar joyiga yoki xizmat xonasiga, foydalanadigan transportiga kirish, ularni ko‘zdan kechirish, ularda tintuv o‘tkazish yoki ulardan ashyoni olish, telefondagi so‘zlashuvlarini eshitish, sudyani shaxsan ko‘zdan kechirish va uni shaxsiy tintuv qilish, shuningdek uning xat-xabarlarini, unga tegishli ashyolar va hujjatlarni ko‘zdan kechirish, olib qo‘yish yoki olishga faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurorining, viloyat, Toshkent shahar prokurorining, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurorining ruxsati yoki sudning qarori bilan yo‘l qo‘yiladi.
Sudyalarning daxlsizligi ular tomonidan odil sudlovni amalga oshirish jarayonida o‘zlariga qonun bilan berilgan huquqlarini amalga oshirishlarida o‘ziga xos cheklanishlarni oldini olishga, ularga o‘z vazifalarini amalga oshirishda har qanday aralashuvlarga chek qo‘yishda muhim o‘rin tutadi. Sudyalar daxlsizligi masalasi xalqaro huquq normalarida, shu jumladan, “Sud organlarining asosiy tamoyillari to‘g‘risida”gi Konvensiyada ham o‘z ifodasini topgan bo‘lib, bu – sudyalar daxlsizligi masalasi butun dunyo yurisprudensiyasi hamjamiyatida alohida e’tibor berib kelinayotgan masalalardan biri ekanligidan dalolat beradi. 
Sudyalar mustaqilligi hamda daxlsizligini qonun normalari bilan mustahkamlash hamda ushbu masalaga nisbatan ta’sirchan chora-tadbirlarni ko‘rish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Ushbu Farmon bilan sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish bo‘yicha kasbiy faoliyatini har qanday ko‘rinishdagi tashqi ta’sirlardan samarali muhofaza qilishni ta’minlaydigan huquqiy mexanizmlar yaratilishi ko‘zda tutildi. 
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, sudyalarning mustaqilligi hamda daxlsizligi har qanday qonun ustuvor bo‘lgan hamda fuqarolarning manfaatlari ko‘zlangan davlatda odil sudlovga og‘ishmay rioya etilishini ta’minlash maqsadida davlat tomonidan kafolatlanishi hamda muhofaza etilishi lozim. Shundagina xalqning sud tizimiga bo‘lgan ishonchi yanada ortadi va jamiyatda adolatli sud tizimi shakllanadi.   
 
 
 
Urganch tumanlararo 
ma’muriy sudining sudyasi                                                                          B.T.Samiyev