Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilish – ma’muriy sudlarning birinchi navbatdagi vazifasi

Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilish – ma’muriy sudlarning birinchi navbatdagi vazifasi 
Mamlakatda sud tizimini demokratlashtirish, sudlar faoliyati shaffofligini ta’minlash, aholi bilan muloqotni kengaytirish va odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik rolini kuchaytirishga qaratilgan salmoqli ishlar bajarildi.
Oliy sudning rasmiy veb-saytida barcha sud qarorlari doimiy ravishda e’lon qilinmoqda, sudlar o‘z qarorlarining mazmun-mohiyatini sud protsessi ishtirokchilariga tushuntirib kelmoqda, sud raislari har chorakda ommaviy axborot vositalari bilan brifinglar o‘tkazmoqda.
Shu bilan birga, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining buzilgan huquqlarini himoya qilishda sudlarning, ayniqsa ma’muriy sudlarning rolini kuchaytirish, ularni fuqaro va tadbirkorlarning haqiqiy himoyachisiga aylantirish zarur bo‘lib hisoblanadi.
Bu borada ma’muriy islohotlarni izchil davom ettirish yo‘lida o‘z yechimini kutayotgan masalalarni hal etish, Yangi O‘zbekiston sharoitida davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati tizimining samaradorligini oshirish, ular faoliyatini natijadorlikka yo‘naltirish orqali aholi farovonligini ta’minlash va «mobil boshqaruv apparati»ni yaratish asosiy masalalardan biridir.
Shu jihatdan, Prezidentimizning 2021 yil 22 noyabrdagi «2022-2023 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari dasturini ishlab chiqish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoyishida 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlari dasturini ishlab chiqish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Ma’muriy yustitsiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida joriy yilning 29 yanvar kuni qabul qilingan «Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining samarali himoya etilishini ta’minlash hamda aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori alohida ahamiyatga ega bo‘ldi.
Bosh qomusimizning 44-moddasida «Har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi», deb belgilab qo‘yilgan. Mamlakatimizda ma’muriy sudlarning tashkil etilishi Asosiy qonunimizda mustahkamlangan ushbu huquqlarni samarali amalga oshirilishini ta’minlashga xizmat qilayotir.
Ma’muriy sudlarning birinchi navbatdagi vazifasi fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining davlat organlari bilan munosabatlarida qonun ustuvorligini ta’minlash bilan bir qatorda ular huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilish hisoblanadi. Shu bilan birga, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining buzilgan huquqlarini himoya qilishda sudlarning, ayniqsa, ma’muriy sudlarning rolini kuchaytirish, ularni fuqaro va tadbirkorlarning haqiqiy himoyachisiga aylantirish zarur.
Jamiyatda ma’muriy sudlarga bo‘lgan ishonchni yanada oshirish maqsadida davlat organlari tomonidan sud qarorlari ijro etilishi ustidan nazoratning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish talab etiladi. Shu munosabat bilan Prezidentimizning mazkur qarorida davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarining samarali himoya etilishini ta’minlash hamda ma’muriy sud ishlarini yuritishni xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda takomillashtirishga oid chora-tadbirlar belgilab berildi.
Haqiqatdan ham, amaliyotda yuzaga kelayotgan holatlar tahlili ma’muriy sudlarda ish holatlarini isbotlash majburiyati taraflarning o‘ziga yuklatilgani ularni tengsiz holatga keltirayotganini ko‘rsatmoqda. Xususan, huquqi buzilgan oddiy fuqaro yoki yuridik shaxsning o‘z talablarini isbotlab berish bo‘yicha imkoniyatlari davlat organlarining resurslariga qaraganda birmuncha cheklangan.
Shuningdek, fuqaro yoki yuridik shaxsning shikoyati asosida chiqarilgan sud hujjati ijrosi davlat organlari yoki mansabdor shaxslar tomonidan ixtiyoriy ravishda amalga oshirilishini ta’minlash uchun ta’sirchan nazorat mexanizmlari mavjud emas edi. Buning natijasida ko‘p holatlarda fuqarolar yoki yuridik shaxslar manfaatida chiqarilgan sud hujjati davlat organlari yoki mansabdor shaxslar tomonidan ijro etilmasdan qolayotganining guvohi bo‘layotgan edik.
Ushbu holatlar inobatga olingan holda hujjatda davlat organlari qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqishda ma’muriy sudlarning rolini kuchaytirish, ularni fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining haqiqiy himoyachisiga aylantirishga qaratilgan muhim choralar belgilandi. Masalan, ma’muriy sud ishlarini yuritishni «sudning faol ishtiroki» tamoyili asosida amalga oshirish, bunda ma’muriy sudlarga ishning haqiqiy holatlarini aniqlash uchun o‘z tashabbusi bilan dalillarni yig‘ish majburiyatini yuklash, huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik sub’ektiga esa dalillarni yig‘ishda faqat o‘z imkoniyati doirasida ishtirok etishga sharoit yaratish nazarda tutildi.
Shuning barobarida, huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik sub’ektiga ommaviy-huquqiy munosabatdan kelib chiqadigan nizo bilan birga unga sababiy bog‘lanishda bo‘lgan zararni undirish talabini ham ma’muriy sudga bildirish huquqi taqdim etilgan holda bunday talablarni ko‘rib chiqishni ma’muriy sudlar vakolatiga o‘tkazish belgilandi.
Endilikda qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilganidan so‘ng ma’muriy sudlarning ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar bo‘yicha hal qiluv qarorlari davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan ijro qilinmagan taqdirda, ularning mansabdor shaxslariga nisbatan sud jarimalarini qo‘llaniladi.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur chora-tadbirlarning amalga oshirilishi davlat organlari faoliyatini qonuniy asosda yuritilishini, fuqaro va yuridik shaxslar huquqlari va manfaatlari samarali himoya etilishini ta’minlashga, ma’muriy sud ish yurituvini xalqaro standartlarni inobatga olgan holda takomillashtirishga, eng muhimi, ma’muriy sudlarni haqiqiy xalq sudiga aylantirishga hizmat qiladi.

T.Ibragimov 
Xorazm viloyat ma’muriy sudining sudyasi