Yangilangan Konstitutsiyada ta’lim olish kafolatlari

Konstitutsiya hayotimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar va qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarning bosh omili hisoblanadi.

Yangi Konstitutsiyamizning 50-moddasida fuqarolarning ta’lim olish huquqi bilan bog‘liq quyidagi mazmundagi normalar mustahkamlangan bo‘lib, unda davlat maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi belgilangan. Bunda davlat yangi bog‘chalarni qurish, mavjudlarini ta’mirlash, shu jumladan davlat, davlat-xususiy sheriklik va xususiy bog‘chalarni ko‘paytirish, yangi bog‘chalarni tashkil etishga imtiyozlar va subsidiyalar berish, pirovardida bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishni yuz foizga yetkazish choralarini ko‘radi.

Maktabgacha ta’lim va tarbiya, umumiy o‘rta ta’lim davlat nazoratidadir. Oldin faqatgina maktab ishlari davlat nazoratida edi. Endilikda esa maktabgacha ta’lim ham davlat nazoratiga o‘tkazildi. Natijada bog‘cha va maktablarda bolalarning xavfsizligi va salomatligi, sanitariya-gigiena talablariga rioya etilishi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan tarbiya, ta’limning yuqori sifati va mazmundorligi ta’minlanadi. 

Ta’lim tashkilotlarida alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim va tarbiya ta’minlanadi. Unga ko‘ra, jismoniy, aqliy, sezgi yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim tashkil etiladi. Bu shunday nuqsonlarga ega bolalarimizning yakkalanib qolmasligi, jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida shakllanishi va kamol topishi uchun juda muhim.

Davlat uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojlanishini ta’minlaydi. Bu esa maktabgacha ta’lim-tarbiyadan tortib oliy ta’limgacha hamda boshqa ta’lim turlarini, shuningdek ta’limning kunduzgi, sirtqi, kechki, masofaviy, oilada ta’lim olish, mustaqil ta’lim olish, inklyuziv ta’lim va hokazo shakllarini tashkil etish va faoliyat yuritishiga imkoniyat yaratadi.

Mazkur normaning Konstitutsiyamizga kiritilishi bog‘chalar va maktablar, oliy ta’lim tashkilotlari sonining ko‘payishiga, ta’lim va tarbiya sifatining oshishiga xizmat qiladi. Pirovardida har bir shaxsning umri davomida ta’limning barcha turlaridan foydalanish imkoniyatini yaratadi.

Ta’lim har qanday mamlakatda inson kapitalini rivojlantirish orqali barqaror taraqqiyotni ta’minlaydigan muhim omildir. Shu bois Konstitutsiyamizda davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojlanishini ta’minlash bo‘yicha davlatning majburiyatini belgilovchi norma mustahkamlandi. Ta’lim tashkilotlarini, ayniqsa, nodavlat yoki xususiy bog‘cha, maktab, universitetlar va boshqa ta’lim tashkilotlarini tashkil etish, faoliyat yuritishi va rivojlanishi uchun davlatning doimiy, har tomonlama qo‘llovi muhim o‘rin tutadi.

Mamlakatimizdagi ta’lim turlari tizimida umumiy o‘rta ta’lim markaziy o‘rinni egallaydi. Maktab har bir insonning barkamol va bilimli shaxs bo‘lib voyaga yetishida muhim ahamiyatga ega. Davlat bepul umumiy o‘rta ta’lim olishni kafolatlashi bilan birgalikda umumiy o‘rta ta’lim majburiy ekanligi haqida norma belgilangan. Mazkur norma birinchidan, intellektual avlod asri bo‘lgan XXI asrda ilm-ma’rifatsiz har qanday jamiyat, iqtisodiyot barqaror rivojlana olmaydi. Shu sababli, har bir insonning ta’lim olish huquqini ta’minlash oila, jamiyat va davlatga muayyan majburiyatlarni yuklaydi.

Konstitutsiyamizning 52-moddasida, O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etilishi mustahkamlandi. Jamiyatni inson, insonni esa ta’lim va tarbiya o‘zgartiradi. Millat va xalqning rivoji, uning intellektual salohiyatini oshirish, avvalambor, o‘qituvchilar faoliyatiga bog‘liq. O‘qituvchi ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan ilm-fan sir-asrorlari, ma’naviy va madaniy merosni yoshlarga yetkazishda muhim bo‘g‘in hisoblanadi. Shu bois mazkur norma uchinchi Renessansning tayanch ustunlaridan biri bo‘lgan o‘qituvchiga ramziy ma’noda “millat bunyodkori” maqomi berildi. Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi belgilangan. 

So‘nggi yillarda mamlakatimizda o‘qituvchi kasbining maqomi va obro‘sini ko‘tarish, muallim va ustozlarning qadri, sha’ni va g‘ururini tiklash, ularning moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlash, samarali mehnat faoliyati uchun munosib sharoitlar yaratilmoqda. Xususan, ularga imtiyozli iste’mol kreditlari berilishi, olis hududlarga borib ishlayotgan yuqori malakali o‘qituvchilar uchun ustamalar belgilanishi shular jumlasidandir.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinishi “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalq farovonligini yanada oshirish, davlat va fuqarolik jamiyatini jadal rivojlanishi uchun mustahkam asos yaratadi.

 

 

Urganch tumanlararo ma’muriy

sudining sudyasi

J.Pirjonov 

Xorazm viloyati Yuridik Texnikumi

Bog'lanish ma'lumotlari

O'zbekiston Respublikasi, Xorazm viloyati
Urganch tumani, Fayozov ko'chasi, 1-uy

+998 (62) 229-28-35
xoryuridiktexnikum@umail.uz

Dushanba – Juma / 9:00 – 18:00

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Talabalar uchun resurslar

Ommabop xabarlar

Yangilangan Konstitutsiyada ta’lim olish kafolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi munosabati bilan texnikum o‘quvchilari o‘rtasida tanlovlar bo‘lib o‘tmoqda.
Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi
Yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun mohiyati